Seshanba kuni AQShning Nyu-Gempshir shtatida Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar ikkinchi partiyaviy tanlovda qatnashdi. G’alaba bu gal ham sobiq prezident Donald Tramp tarafida bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Praymeriz deb ataluvchi partiyaviy saylov noyabrda bo’ladigan asosiy saylovda Respublikachilar partiyasidan yagona nomzodni tanlashga imkon beradi.
15-yanvar kuni Tramp Ayova shtatidagi ilk tanlovda ham g’alaba qozondi. Shundan so’ng nomzodlardan ikkisi – tadbirkor Vivek Ramasvami va Florida gubernatori Ron Desantis poygadan chiqib, Trampni qo’llab-quvvatlashi haqida e’lon qilishdi.
“Baydenni mag’lub etganmiz. Immigratsiya katta muammo. Millionlab odam mamlakatimizga noqonuniy kirib kelmoqda”, - deydi Tramp.
Uning asosiy raqibi Nikki Xeyli – AQShning BMTdagi sobiq elchisi.
“Poyga hali tugagani yo’q. Yana ancha shtatlar bor hali”, - deydi u.
24-fevral kuni Tramp va Xeyli Janubiy Karolinada bellashadi. Aytish joiz, Xeyli bu shtatda gubernatorlik qilgan. Tanlovda mag’lub bo’lsa, jiddiy siyosiy zarbaga uchraydi.
Mart boshida bo’ladigan “Super Seshanba”da esa bir kunda 15 ta shtatda saylov bo’lib o’tadi. Ana o’shanda Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod kim bo’lishi aniqlanadi.