Isroil Prezidenti Isaak Gersogning aytishicha, uning mamlakati XAMAS bilan yana bir gumanitar tanaffusga kelishib, garovdagi odamlarni ozod etish ustida o’ylanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Dushanba kuni AQSh va Isroil razvedkasi rahbarlari Polshada Qatar bosh vaziri bilan shu haqda gaplashgan. Ma’lumki, Qatar urush boshidan beri vositachilik vazifalarini bajarmoqda.
Bu ishda unga Misr yordam bermoqda. Tanaffus shartlari bo’yicha kelishish maqsadida bugun Qohiraga XAMAS siyosiy rahbari Ismoil Haniya borgan. Bundan oldin u Tehronda bo’lib, Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyon bilan muloqot qilgan.
Kuzatuvchilarga ko’ra, tanaffus e’lon qilinsa, Isroil ham falastinlik mahbuslarni ozod etishi kutilmoqda. Isroil asosan ayollar va o’smirlarni qamoqxonalaridan chiqarmoqchi.
Birlashgan Arab Amirliklari BMT Xavfsizlik Kengashida taklif etgan rezolyutsiya loyihasida Isroil va XAMASdan G’azoga gumanitar yordamga yo’l berish talab qilinadi. AQShning ehtimoliy e’tirozi sabab hujjat hozircha ovozga qo’yilgani yo’q. Amirliklar vakillari Vashington bilan barcha taraflarni qoniqtiradigan matn mazmuniga kelishishga harakat qilmoqda.
Loyihada BMTdan gumanitar yordam taqsimotini nazorat qilish so’raladi.
Bu o’rtada Isroilning G’azoga hujumlari davom etmoqda. Bugun Rafah shahrida Quvayt kasalxonasi yoniga raketa tushib, bir necha odam o’lgan va yaralangan. Xon-Yunusdagi uyga hujumda esa bir necha bola jarohat olgan.
Isroil G’azo shimolidagi Jabaliya qochqinlar lagerini ham nishonga olgan. Falastin Sog’liqni saqlash vazirligi 13 odam o’lganini, 75 kishining yaralanganini bildirdi.
Isroilning ma’lum qilishicha, istilodagi G’arbiy Sohilda bir falastinlik mashinasini zaxirachi askarlarga urmoqchi bo’lganida otib o’ldirilgan.
Isroil Livanga ham zarba bermoqda. To’qnashuvlar hozircha chegarada yuz beryapti. Shu kungacha o’zaro hujumlarda 130 livanlik, jumladan “Hizbulloh” harakatining 94 jangchisi, Isroilda esa sakkiz askar va to’rt fuqaro o’ldirilgan.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bir necha mamlakat bilan koalitsiya tuzishga kelishilganini ma’lum qilarkan, ittifoqchi davlatlar harbiy kemalari Qizil dengiz xavfsizligini ta’minlash bilan shug’ullanadi. Ma’lumki, G’azo xalqiga xayrixohligini bildirayotgan yamanlik xusiylar dengiz bo’ylab Isroil tomon harakatlanayotgan tijoriy kemalarni nishonga olmoqda.
Koalitsiyaga AQSh, Kanada, Bahrayn va Yevropadan bir necha mamlakat kirgan. Ayrim xabarlarga ko’ra, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misr ham unga yordam berishi mumkin, biroq bu haqda rasman ovoza qilinmayapti.
Yamanda xusiylar faol mudofaaga hozirlanmoqda, ko’ngillilar qurolli kuchlar safiga qo’shilmoqda.
Germaniya ham koalitsiyaga qo’shilish ustida o’ylanmoqda. Hukumat so’zlovchisi polkovnik Arne Gebestreytning aytishicha, buning uchun parlament ruxsatini olish kerak.
Xusiylar kemalarni dron va ballistik raketalar bilan nishonga olyapti. Britaniya Mudofaa vazirligi uning Qizil dengizdagi kemasi tomonidan bir dron urib tushirilganini ma’lum qildi. Qizil dengizda, shuningdek, ayni paytda AQShning uchta va Fransiyaning bitta harbiy kemasi harakatlanmoqda.