Toshga aylangan dinozavr va hasharotlar ko'rgazmada

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Dinozavr qoldiqlari ko'rgazmasi, Vashington

Vashingtondagi Smitson tabiat muzeyida yangi ko’rgazma ochildi. Milliardlab yil oldin yashagan dinozavrlar, o’simlik va hasharotlarning toshga aylangan qoldiqlarini ko’rasiz - 700 dan ortiq eksponat. Ko’rgazma uzoq o’tmishni yoritsa-da, Yer kurrasining kelajagi, sayyoramizni asrash haqida o’ylashga undaydi.

Mana bu tritseratops 70 million yil avval kattaroq dinozavrga yem bo’lgan. Ustida tiranozavr tushlikka tayyor turganday turibdi. Vashingtondagi Smitson tabiat muzeyidamiz.

“Bilishimizcha, dinozavrlar o’ta harakatchan bo’lgan, tez o’sgan. Dinozavrlardan kelib chiqqan qushlarni bilamiz. Dinozavrlarning ko’pgina turlari bir davrda yashamagan. Million yil bir turi yashagan, keyingi million yilda boshqasi paydo bo’lgan va hokazo. Dinozavrlar ekosistemasi xilma-xil bo’lgan”, - deydi muzey xodimi Metyu Karrano.

Ko’rgazmada 3,7 milliard yil mobaynida shakllangan qadimgi hayot, iqlim va geologiyaning o’zgarib borishi tasvirlangan. Arktikada topilgan palma daraxti qoldiqlari shundan dalolatki, shimoliy muzlik o’rnida tropiklar bo’lgan. Hozirgi otlarning kichik turi 52 million yil oldin ham yashagan. Sudraluvchilar, hasharot va mollyuskalar ko’p bo’lgan.

“55 million yillar oldingi voqealarning ma’nosini tushuntiramiz va ko’rsatamiz. Ularning ahamiyatini o’zingiz uchun kashf etasiz. Eksponatlar shunchaki tarix emas, bugunning hikoyasi hamdir”, - deydi ko’rgazma rahbari Siobhan Starrs.

Topilmalar o’zgaruvchan iqlim ta’sirida Yer qanchalik o’zgarganini ko’rsatadi. Olimlarga ko’ra, 66 million yil muqaddam bahaybat asteroid Yerga urilgani iqlimni shunchalar o’zgartirib yuborganki, dinozavr va boshqa mavjudotlar qirilib ketgan. Ko’rgazma hozirgi ekologik muammolarga insoniyatning o’zi aybdor ekaniga ishora qiladi.

“Ilmiy xulosalar, faktlarga nazar solsak, sayyoramizga bizning ta’sirimiz misli ko’rilmagan darajada. Buni na o’lchab, na qiyoslab bo’ladi. Insoniyat shunday katta o’zgarishlarga sababchi bo’layotgani hayratlanarli”, - deydi Siobhan Starrs.

“Iqlim o’zgarishiga ijobiy ta’sir qiladigan, iqlim o’zgarishini kamaytiradigan, tabiat, jonzotlarni asrab qoladigan ko’p ishlar qilsangiz bo’ladi”, - deydi muzey xodimi Kirk Jonson.

Ko’rgazma, deydi suhbatdoshlar, odamlarni o’ylantiradi, harakatga chorlaydi.

“Ko’rgazma bilan dunyoni o’zgartira olamiz. Gapim balandparvoz eshitilsa-da, haqiqatda bunga ishonaman. Odamlar uyg’onsin, birlashsin, sayyoramizga ta’sirimizni his qilaylik va to’g’ri qadamlar tashlaylik. Sayyoramizning ertasini o’ylab ish qilaylik”, - deydi ko’rgazma kuratori.