Breaking News

Har kimni favqulodda qahramonga aylantira oladigan ijodkor


Vashingtondagi Amerika tarixi milliy muzeyida mashhur kino ustalaridan birining ijodiga bag’ishlangan festival tashkil qilindi. Unda Amerika kinematografi Ves Anderson yaratgan kartinalardagi musiqalar kun bo’yi jonli ijro etildi. Mehmonlar uning ijodini tahlil qilib, fikr almashdi.

Amerika kino ustasi, mashhur prodyuser Ves Andersonning 25 yillik ijodiga bag’ishlangan festival bir necha kun davom etdi. Bu inson tarix sahnalarini, hayotning ko’z ilg’amas qirralari-yu, eng noqulay holatlarni komediya janridagi kartinalari orqali tasvirlab bergani bilan mashhur.

“Smitson instituti teatri qoshida Uorner Brazers kinoteatrini qayta yo'lga qo'ydik. AQSh filmlarini aks ko'rsatadigan Amerika tarixi muzeyidagi bu tadbirni Qo'shma Shtatlarning eng sevimli rejissori ijodi bilan boshlamay bo’ladimi?” - deydi Smitson teatrlari direktori Zart Berch.

Ves Anderson yaratgan kartinalar betakror. Uning filmlarida yorqin dekoratsiya, zamon va qahramonlar xarakterini aks ettirishda ranglarning qo’llanishi o’ziga xos. Kinoshunoslar tili bilan aytganda, u yaratgan kadrlar haqiqatdan ko’ra, sarob va xayoliy peyzajlarni eslatishi bilan ajralib turadi.

“Ekranda ko’ringan har bir element bekorga ishlatilmaganini ko’rasiz”, - deydi tomoshabinlardan biri.

Anderson ishlagan kartinalarda harakatda bo’lgan har bir jismni kamera ilg’ab oladi. Kadrda devor kabi to’siqlarni ko’rmaysiz. Kadrlar aniq simmetrik taktikaga asoslanadi. Eng beo’xshov va kutilmagan holatlarga urg’u berishda sekinlashtirilgan kadrlarni mohirona qo’llaydi. Portret kadrlarda qahramonlarni doimiy jiddiy qilib ko'rsatish kinematografning o’ziga xos uslubi.

“To’g’risini aytsam, kuni bilan jiddiy yuraverarkanman. Mana sizga, kameraga chehramni ochib, kulib qarayapman. Lekin kuni bo’yi shunaqa tirjayib yurmaymanku!?! Anderson shuni ko’rsatgan”,- deydi tomoshaga kelgan Jordan va Chandler.

Ves Andersonning qahramonlar kolleksiyasi keng bo’lgani kabi uning auditoriyasi ham yetti yoshdan 70 yoshgacha.

Masalan, “Oy yog’dusi saltanati” kartinasi birinichi muhabbat haqida.

“Hayotdan olingan noqulay va haqiqatdag’alati holatlar aniq ko’rsatilgan”,- deydi Jondan va Chandler.

“Budapesht mehmonxonasi” filmi esa vaqt va makon haqida.

“Yalanglikda joylashgan mehmonxonani shunday tasvirga olganki, ko’rimsizgina, kichik bir joyday ko’rinadi. Lekin voqealar rivojlanishi orqali katta bir dunyoni kashf qiladi odam”,- deydi tomoshaga kelgan Anna va Margo.

"Darjiling poyezdi" filmi o'zlikni anglash yo'lidagi tinimsiz harakatlar haqida.

“Hindistonga sayohat qilayotgan uch aka-ukaning sarguzashtlari ajoyib tasvirlangan”,- deydi tomoshabin Sharon.

Ves Andersonning mahorati kamera oldidagi har bir insonga yaqindan e'tibor berishida. Uning dunyosida har qanday odam favqulodda qahramonga aylana oladi. Buning uchun ijodkorga biroz vaqt va kamera kerak xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG