Seshanba kungi partiyaviy saylovda respublikachilardan nomzod Donald Trampning g’alaba qozondi.
Ommaviy so’rovlar Trampning ona shtatida jiddiy g’alaba qozonishidan dalolat bergan edi. Milliarder tadbirkor Nyu-Yorkda tug’ilib, katta bo’lgan, ulkan ko’chmas mulkka ega.
Uning raqiblari, Texasdan senator Ted Kruz va Ogayo gubernatori Jon Keysik Trampga yutqizganini tan oldi.
Demokratlarga kelsak, Hillari Klinton yutdi. Ovozlarning qariyb 60 foizi unga berilgan.
Klinton va uning partiyadosh raqibi, Vermontdan senator Berni Sanders ham Nyu-York bilan o'ziga xos rishtalarga ega. Sanders Nyu-Yorkda tug’ilgan. Klinton bu shtat senatori bo'lgan va shu yerda yashaydi.
Klinton partiya delegatlaridan 1758, Sanders esa 1076 ovozga ega. Demokratlar partiyasidan yagona nomzod bo’lish uchun 2383 ovoz talab qilinadi.
Nyu-Yorkdagi saylovdan oldin Tramp uchun 744 delegat, Kruz uchun 559, Keysik uchun esa 144 delegat ovoz bergan edi. Respublikachi da’vogarga yagona nomzod bo’lish uchun 1237 delegat ovozini olish kifoya.
Ayni vatqda Nyu-York rasmiylari Saylov kengashidan seshanba kuni qayd etilgan muammolarni tushuntirishni talab qildi.
Buzilgan skanerlar, saylov uchastkalarining kech ochilishi, minglab saylovchilarning ro’yxatga kiritilmagani kabi muammolar nyu-yorkliklarni shikoyat qilishga undadi. Oqibatda maxsus tekshiruvchi Skot Stringer masalani o’rganib chiqadigan bo’ldi. U Saylov kengashi fuqarolar ishonchini yo’qotdi, deb aytdi.
"Biz nima sababdan Saylov kengashi muntazam ravishda tartibsiz va samarasiz ishlashini o’rganib chiqamiz”, - dedi u.
Ammo bu muammolar seshanba kungi saylov natijalariga ta’sir qilmaydi.
26-aprelda Konnektikut, Delaver, Merilend, Rod-Aylend va Pennsilvaniya shtatlarida partiyaviy saylovlar bo'lib o'tadi.
So'ngra iyul oxirida har ikkala partiya o'zining eng katta qurultoyini o'tkazadi va yagona nomzodni saylaydi.
Umumiy saylovlar 8-noyabrga belgilangan.