O’zini “Islomiy davlat” (ID) deb ataydigan ekstremistlar guruhi o’z mafkurasini targ’ib qilish va yangi a’zolarni yollashda ijtimoiy tarmoqlardan mahorat bilan foydalanib keladi. Guruh sodir etgan qotilliklar, uning nazoratidagi hududlarda odamlar hayotini tasvirlaydigan surat va videolar internetda istalgancha topiladi. Vashingtondagi “Newseum” axborot muzeyida “Amerika Ovozi” hamkorligida ana shu mavzuda forum bo’lib o’tdi.
Your browser doesn’t support HTML5
ID al-Qoidadan ikki-uch jihati bilan farq qiladi, deydi Jorj Vashington universiteti professori Lorenzo Vidino.
“ID arab bahori nomini olgan qo’zg’olonlar va ulardan kutilgan umidlar puchga chiqqanidan o’z manfaati yo’lida foydalana oldi. Fursatni boy bermay, Iroq va Suriyada katta hududlarni bosib oldi va utopik bir jamiyat qurdi”, - deydi Vidino.
Osama bin Laden rahbarligidagi tashkilot uzundan uzun bayonotlar chiqargan bo’lsa, ID ijtimoiy tarmoqlar orqali qisqa va lo’nda, barcha uchun tushunarli va yoshlarga yo’naltirilgan bayonotlar tarqatadi, deydi professor.
“Amerika Ovozi”ning Somali xizmati muxbiri Harun Ma’ruf IDga qo’shilish uchun Suriyaga otlanib, Germaniyada ushlangan amerikalik qizlar hikoyasini atroflicha yoritgan.
Ma’ruf ID ijtimoiy tarmoqlarda zamonaviy uslublarni qo’llayotgani, bu jabhada boshqa ekstremist tashkilotlardan ancha o’zib ketganini aytadi.
“Ular tanlagan metodlar samara bermoqda. Guruh qisqa vaqt ichida yangi odamlarni yollash yo’lini topgan”, - deydi u.
IDga qarshi kampaniya
Qo’shma Shtatlar shu yil boshida IDga qarshi urush e’lon qilgan edi. Internetda bu guruh haqida haqqoniy ma’lumot tarqatish, odamlarni unga qo’shilmaslikka undash – bu kampaniyaning muhim qismi.
“Ekstremizm mafkurasini qurol bilan yengib bo’lmaydi. Undan-da yaxshiroq g’oyalar bilan chiqish darkor”, - deydi Prezident Barak Obama.
“Newseum” instituti rahbari Jin Polisinski yoshlar bir-biri bilan qanday aloqa qilishi, ma’lumot almashishiga e’tibor qaratib, ID ularni o’ziga qarata oldi, deydi.
“Yosh yigit-qizlarga, ayniqsa, hayotdan umidsizlangan va yolg’izlanib qolgan o’smirlarga internet orqali din haqida go’zal bir cho’pchak taqdim etilmoqda”, - deydi u.
Noislomiy
AMAR xalqaro xayriya tashkiloti rahbari, baronessa Emma Nikolson fikricha, aslida ID g’oyalari islomga zid.
"Ular islom haqida hech narsa bilmaydi”, - deydi qochqinlarga yordam berish uchun Iroqqa muntazam borib turadigan Nikolson. Ijtimoiy tarmoqlarda istagan narsangizni ko’rsatishingiz mumkin. Mutlaqo noislomiy narsalarni ham, deydi u.
Professor Lorenzo Vidino fikricha, ID bilan internet orqali bog’lanayotganlar avvalambor bilim izlayotgan yoshlardir. “Islom asoslari haqida hech qanday tasavvurga ega bo’lmaganlarning 40 foizi birinchi navbatda internetdan ma’lumot qidiradi”, deydi mutaxassis.
Shu o’rinda, ota-onalarning, oila a’zolarining roliga alohida e’tibor qaratiladi. Farzandingizning yurish-turishi, fikrlashida bo’layotgan o’zgarishlarni vaqtida payqash muhim, deydi jurnalist Harun Ma’ruf.
“Masalan, G’arb haqida o’ta salbiy fikrlar bildirsa yoki shikoyat qilsa, ogoh bo’ling. Radikalizm internetdagi chat-rumlarda boshlanadi”, deydi u.
Professor Vidino jamoa roliga alohida to’xtaladi. “Jamoa a’zosining radikallashishiga kim chek qo’ya oladi? Birinchi navbatda yaqinlari, qarindoshlari, ulamolar”, - deydi u.
Jurnalist Maykl Vays Yaqin Sharq, xususan, Suriyadagi jarayonlarni yoritadi. Uning fikricha, xorijliklarning ID safiga qo’shilmasligini ta’minlash barobarida Suriya Prezidenti Bashar al-Assad bilan muloqot boshlash kerak.
"Suriya hukumati bilan muloqot qilmas ekanmiz, bu rejim jihodchilar uchun magnit bo’lib qolaveradi”, - deydi Vays.
Mo’tadil musulmonlar
Emma Nikolson va Maykl Vays izohicha, hozirgi muammolarni musulmonlarga to’nkash, bularni o’zlari hal qilishsin deb talab qilish noto’g’ri va adolatdan emas.
Maykl Vays ID Iroqdagi kichik bir jangari guruhdan bugun hajmi Britaniyadek keladigan katta bir hududni egallagan jihodchilar armiyasiga aylangani haqida kitob yozgan.
“ID rahbariyatiga qarasangiz, guruh rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiy va uning so’zlovchisi Abu Muhammad al-Adnaniydan tashqari, tashkilot boshqaruvidagi aksar boshqa a’zolar Saddam Husayn rejimining sobiq a’zolaridir”, - deydi jurnalist.