Deportatsiyadan to'rt marta bosh tortgan o'zbekistonlik qissasi

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati har yili yuzlab ming hujjatsiz muhojirni vataniga deportatsiya qiladi

Har bir muhojirning o’z qissasi bor. Immigratsiya uzoq va murakkab jarayon. Vatandan bosim va tazyiq ostida chiqib ketib, olis yurtlarda siyosiy boshpana ololmay sarson sargardon insonlar ko’p.

Your browser doesn’t support HTML5

Nodirbek Yusupov taqdiri - Amerika-O'zbekiston-Navbahor Imamova


Nodirbek Yusupov - Obidxon qori Nazarovning izdoshi?

Chet Kaufman - Florida shtatidagi federal sudda davlat tomonidan tayinlangan himoyachi. Uning maqsadi - sudyani “qarshingizda o’tirgan inson vataniga qaytsa qamoq va qiynoqqa mahkum etiladi”, deya ishontirish. O’nlab bet hujjatlar, tibbiy dalil va boshqa turdagi isbotlarni ko’rib chiqqan sudya madorsiz lekin ko’zidan hamon umid uchquni so’nmagan sudlanuvchiga qarata, “siz jinoiy ayblovlardan ozodsiz”, deb hukm berdi. Lekin bu inson panjara ortida qoladi. Uning taqdiri endi immigratsiya sudi iznida.

40 yoshdan oshgan Nodirbek Yusupov Toshkent shahridan. Poytaxtdagi taniqli “To’xtaboy” masjidiga qatnagan. U yerda 1998-yilgacha Obidxon qori Nazarov imomlik qilgan. Qori prezident Islom Karimov siyosatini tanqid qilgani uchun tazyiqqa uchrab mamlakatni tark etgan va Qozog’iston orqali keyinchalik Shvetsiyaga chiqib ketgan. 2012-yilning fevralida uni uyi oldida otib ketishganidan beri imom hushsiz yotibdi. Shvetsiyada ochilgan jinoiy ish hali tugallanmagan. Qorining yaqinlari va tarafdorlari, qolaversa Shvetsiya prokuraturasi nazarida unga o'q uzgan odam O'zbekiston maxfiy xizmati tomonidan yollangan.

Nodirbek Yusupov Obidxon qori ma'ruzalarini tinglagan. Ziyolilar oilasida ulg'aygan. Onasi Mastura Yusupova, nafaqadagi o'qituvchi, deydiki, Nodirbek maktabni a'lo baholarga bitirib, Buxoroda Oziq-ovqat va yengil sanoat institutida ta'lim olgan. Ukalari bilan Toshkentda tadbirkorlik qilgan. Keyinchalik muhandislikka ham o'qigan.

Ukalari, 1975-yilda tug'ilgan Oybek va 1981-yilda tug'ilgan Hasan Yusupovlar 2008-yilda ekstremizm aybi bilan besh yilga qamaladi. Muddati bitishi oldidan, o'tgan yili, qamoqxonadagi ichki tartibni buzgani uchun deya jazo yana uch yilga uzaytirilgan. Oybek Yusupov ayni damda Navoiyda, Hasan esa Qarshidagi turmada o'tiribdi.

Mastura Yusupova farzandlarini aybsiz deb biladi va nimaiki xato qilgan bo'lsa, hukumatdan kechirim so'raganini aytadi. O'g'lilarining bolalari hozir voyaga yetib, kollejlarda ta'lim olmoqda, ayrimlari oila qurgan.

Rossiyadagi mustaqil huquq tashkiloti “Memorial” 2011-yilda O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar ro’yxatini tuzganida, Oybek Yusupov nomi undan o’rin olgan. Oybek, ayrim manbalarga ko'ra, 2002-yilning avgustigacha “To’xtaboy” masjidida muazzinlik qilgan va Nodirbek ham bir oy davomida azon aytgan. Mastura Yusupova Oybek va Nodirbekning azon aytgani haqidagi ma'lumotlarni shubha ostiga oladi. "O'g'lilarim oddiy namozxonlar edi xolos",- deydi u.

Hibs va qiynoqlar da'vosi

Nodirbekning sudga hikoya qilishicha, 2002-yilning 10-sentabrida organlar uni olib ketishadi. “Hizbut Tahrir” harakatiga ergashgansan deb uni bu harakatni targ’ib qilganlikda ayblashadi. Aybga irqoq bo’lishga majburlashadi. Uch kun davomida mahalliy ichki ishlar bo’limi hibsxonasida so’roq qilishadi va qiynoqqa solishadi.

Obidxon qori Nazarov va uning atrofida yurib keyinchalik g’oyib bo’lgan shaxslar haqida ma’lumot berishni talab qilib, meni qattiq do’pposlashgan va qo’limdan osib qo’yib azoblashgan, butun organlarim qattiq jarohatlangan, ayniqsa buyrak va jigarim, deya qayd etadi Nodirbek Yusupov.

Advokat Chet Kaufman sudga uzatgan hujjatlarga ko’ra, keyinchalik mahbusni Toshturmaga ko’chirishadi va 20 kundan keyin bir shart bilan qo’yib yuborishadi: “To’xtaboy” masjidiga qaytib, u yerdagi vaziyat, namozxonlar va Obidxon qori Nazarov tarafdorlari haqida muntazam ravishda ma’lumot uzatib turasan.

Ota-onasi va oilasi, qolaversa qamoqdagi ukasiga nima bo’lishidan qo’rqqan Nodirbek Yusupov ularga so’z beradi. Lekin qamoqdan chiqqach, jarohatlardan tuzalish uchun ikki oy Chilonzordagi “Jukovskiy” kasalxonasida yotadi.

Qaddini sal rostlab olgan yigit chet elga chiqib ketish harakatiga tushadi va 2003-yilning 22-mayida AQSh vizasini oladi. O’sha yilning 10-iyunida sayyoh sifatida Nyu-Yorkka uchib keladi. Ungacha bo’lgan vaqt oralig’ida Nodirbek organlar bilan qanchalik hamkorlik qilgani haqida ma’lumot yo’q.

Yuqorida keltirilgan informatsiya esa AQSh federal sudiga topshirilgan hujjatlardan olingan. Nodirbek Yusupov ikki yarim yildan beri Florida shtatida qamoqda.

Uni tez-tez ko’rib, gaplashib turadigan federal himoyachi Chet Kaufman deydiki, Nodirbek Yusupovning ahvoli yaxshi. Floridadagi do’stlari uning holidan xabar olib, yordam berib turishibdi. Yigit ozodlikda yurganida Merilend va Florida shtatlarida turli kompaniyalarda ishlagan, ko'proq muhojirlar ishlaydigan kichik bizneslarda.

Deportatsiya

Olti oylik viza bilan deyarli 11 yil oldin Amerikaga kelgan yigit bugun ham maqomsiz, hujjatsiz. Siyosiy boshpana so’rab murojaat qilganida, immigratsiya tizimi uning “vatanga qaytsam, qamalaman va qiynoqqa solinaman” degan iltijolariga ishonmagan. Yetarlicha isbot-dalil yo’q deya bir necha bor rad etgan.

Advokat Kaufman deydiki, Yusupov oldin yollagan himoyachilar va uning ishini ko'rib chiqqan adliya xodimlari bu shaxsning vatanda hayoti qanchalik xavf ostida ekanini tushunmagan yoki masalaga jiddiy e'tibor bilan yondashmagan.

"Qiynoq da'vosi asosli va sud ishni yana ko'rib chiqishi kerak",- deydi Kaufman.

Amerika va xalqaro qonunlarga ko'ra, yuqoridagi kabi ehtimol bilan yuzlashayotgan odam badarg'a qilinmasligi kerak.

O'zbekistonda qiynoqlar muntazam ravishda qo'llanadi deya bong urib kelayotgan "Human Rights Watch" huquq tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha eksperti Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) Kaufman aytgan gaplarni ma'qullaydi.

“O'zbekiston hukumati dindorlarni jinoiy javobgarlikka tortib, qamashi va qiynoqqa solishi hech kimga sir emas. Dindorlarni ekstremizmda ayblashadi. Yillar davomida biz ko'plab odamlar aynan Obidxon qori Nazarovga aloqasi bo'lgani uchun nishonga olinganini bilamiz. Ular qamalgan, qiynoqlarga solingan. Yusupov ishining qanchalik og'ir ekanini uning ukasi Oybekning qamoqda ekanidan ham ko'rish mumkin. Ekstremizm va zo'ravonlikka berilgani isbotlanmasa ham ularni qamashadi. Nodirbek Yusupov deportatsiya qilinsa, uni ham shunday qismat kutishi mumkin”.

Arizasi ko’rilayotgan muhojir qonun himoyasi ostida lekin raddiya nomasi olgach, mamlakatdan chiqib ketishi kerak. Aks holda AQSh immigratsiya va bojxona xizmati (Immigration and Customs Enforcement, ICE) tomonidan tutilib, deportatsiya qilinadi. Nodirbek Yusupov o’tgan yillar ichida to’rt bora aeroportga deportatsiya uchun olib borilgan. Samolyotga o’tirib, O’zbekiston tomon uchib ketishdan har safar bosh tortgan.

“Odamlar o’ylaydiki, deportatsiya - bu bir gala hujjatsiz muhojirlarni mashinaga ortib, aeroportga olib borib, samolyotga tiqib yurtiga jo’natib yuborish. Aslida bu unchalik silliq jarayon emas. Birinchidan, bu odamlar xususiy aviakompaniyalarning samolyotlarida ketishi kerak. Havo yo’llari esa uchishni istamagan, ya’ni samolyotga chiqishni xohlamagan biror kimsani bortga qo’ymaydi. Muhojir deportatsiyadan boshqa yo’l yo’qligini tan olib, qonunga bosh egib, chiqib o’tirishi kerak. Lekin agar bunga rozi bo’lmasa, AQSh federal organlari ularni ko’tarib samolyotga chiqarib qo’ya olmaydi. Aviakompaniya yo’q deyishi mumkin”.

Advokatning tasvirlab berishicha, Nodirbek Yusupovni organlar 2011-yilning 6-oktabri va 3-noyabri, shuningdek 2012-yilning 13-apreli va 2013-yilning 8-aprelida deportatsiya qilisha olmagan. Natijada u federal qonunlarni buzganlik aybi bilan qamoqda qolgan. Bu nimadan dalolat beradi? Albatta, bu insonning qanchalik qattiq qo’rquvda ekanidan, deydi himoyachi Kaufman.

Sud qabul qilgan ma’lumotlarda Nodirbek Yusupovning sog’lig’i og’ir ekani aytiladi. 12 yil oldingi qiynoqlarning oqibatlari hali ham unga azob beradi. Turmada bir necha bor davolangan. Bir ko’zi uncha yaxshi ko’rmaydi. Buyragi va jigari kasal. Siydik yo’li bilan bog’liq xastalikdan ham qiynaladi. “Toshkentda qiynoqqa solinganimda uzoq vaqt hojatxonaga qo’yilmaganman, ataylab shunday qilishgan, buyraklarim to’lib turganida rosa tepishgan”, deya yozadi u sudga bergan nomasida.

“Nodirbek Yusupov ishiga qarab kimdir deportatsiya qilinmaslikning yo’llari bor ekan deb o’ylasa, xato qiladi”,- deydi advokat. “Nodirbekni shu kungacha asrab qolgan narsa – uning biror boshqa qonun-qoidani buzmagani. Ozodlikda yurganida halol mehnat qilib pul topgan. Hukumatdan kimligini yashirmagan va vaqti kelganida o’zini organlar ixtiyoriga topshirgan. Deportatsiya qilamiz deb olib ketishayotganida ham zo’ravonlikka berilmagan, kuch bilan qarshilik ko’rsatmagan”, - deydi Chet Kaufman.

Vatanga qaytgandan ko'ra Amerika qamog'i ma'qul

Fojiali jihati shuki, Nodirbek Yusupov vatanga qaytishdan ko’ra, Amerika qamog’ida o’tirishni ma’qul ko’rgan. Uning ishi AQSh immigratsiya tizimida ozgina bo’lsa ham insoniylik borligini anglatadi, deydi advokat.

Uzoq tekshiruv va muhokama ketidan federal sudya siyosiy boshpana olish uchun unga yana bir imkon berishga qaror qildi. Lekin immigratsion sud endi bu ishni qachon ko’rib chiqadi? Nodirbek Yusupovga boshpana beriladimi? Bu mavhum.

Chet Kaufman deydiki, mijozini vatanda faqat xavf kutayotganini isbotlash uchun yetarli dalillar bor. Adolat uchun kurash bu, deydi u.

Boshpana uchun qanchalik kurashmasin, Nodirbek Yusupovning hayoti O’zbekistonda - uni qariyb 12 yildan beri ko’rmagan uch farzandi, rafiqasi, ota-onasi, aka-ukalari va singlisi.

“Amerika Ovozi” Nodirbek Yusupov bilan telefonda bo’lsa ham muloqot qilish niyatida va yaqin kunlarda buning iloji bo’ladi degan umidda.