AQSh Kongressi eski tarkibda so'nggi bor uchrashmoqda. Davlat kotibi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Robert Geyts qonunchilarni Rossiya bilan imzolangan strategik bitimni tasdiqlashga chaqirmoqda. Respublikachi senatorlar yadro qurollarini qisqartirishga qaratilgan hujjatdan ko'ngli to'q emas. Ular AQSh yadro arsenalini zamonaviylashtirishga qo'yilayotgan cheklovlardan norozi.
Prezident Obama o'tgan hafta Yaponiyadagi xalqaro iqtisodiy sammitda Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bilan uchrashganida masala yil oxirigacha hal bo'ladi, deya uni ishontirgan edi. Ikki prezident bitimni yil boshida imzolagan, biroq Senat ishning beliga tepmoqda.
"Kongressga masala o'ta muhim ekanini bildirib, yil oxirigacha hal qilish kerak deb tushuntirganman", - deydi Obama.
Oy boshidagi saylovlar natijasida yangi Senatda prezident partiyadoshlari bo'lmish demokratlar safi yanada torayishini hisobga olib, Obama bitimni 2011-yildan oldin tasdiqlatmoqchi.
Janubiy Karolina shtatidan saylangan respublikachi senator Lindsi Grexemning aytishicha, bitimning hozirgi ko'rinishi partiyadoshlarini qoniqtirmaydi.
"Hujjat kerak, biroq yadro qurollarini yangilash ham zarur. Bundan tashqari, raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi borasida ham kelishuv bo'lishi kerak".
Sobiq davlat kotibasi Madlen Olbraytning aytishicha, START bitimi AQSh uchun juda muhim.
"Hujjat har ikki tomon yadro arsenalini nazorat etishga yordam beradi. Bitim yangilanmagani oqibatida deyarli bir yildan beri nazorat yo'q. Bundan tashqari Rossiya bilan munosabatlar ahamiyati katta. Eron masalasida Moskvaning yordami as qotmoqda. Muddati tugayotgan Kongress buning ahamiyatini anglaydi degan umiddaman", - deydi Olbrayt.
Muxolifat AQSh yadro arsenalini zamonaviylashtirishga qo'yilayotgan cheklovlardan norozi.