Nyu-yorkdagi immigrantlar: Sovetlar davrini qo'msash yo'q

  • Amerika Ovozi

Nyu-yorkdagi immigrantlar: Sovetlar davrini qo'msash yo'q

Bundan 20 yil avval Sovet imperiyasi parchalangach, xorijga darvozalar ochildi. Yangi, mustaqil respublikalarni millionlab odam tark etdi. Kimdir yangi hayot izlab, yana kimdir bir burda non. Yangi vatanda ular qanday hayot kechirmoqda? Sovet Ittifoqini qo’msaydimi? “Amerika Ovozi” Nyu-Yorkda yashayotgan muhojirlarga mikrofon tutdi.

Rossiyada kommunistlar hamon faol

Marketing bo’yicha mutaxassis Irina Shmelyova internet orqali Rossiyadagi hodisalarni kuzatib boradi. Sovet davrida aktrisa bo’lgan ayol hayot yaxshi edi, barcha imtiyozlardan bemalol foydalanardim, lekin erkinlik yo’q edi, deydi.

“Sovet fuqarosi hammasi yaxshi, zo’r deb o’rgangan haqiqiy askar bo’lgan, chunki hammasi go’zal bo’lishi shart edi o’sha davrda. Lekin hech kimda taqdirini o’zi belgilash, ko’ngli istaganini qilish yoki erkin fikrlash imkoni mutlaqo bo’lmagan”.

Rossiyada saylovlardan keyin boshlanib ketgan norozilik namoyishlari, deydi u, yoshlar erkinlikka intilayotganidan darak. Uningcha, ittifoq parchalanganidan keyin paydo bo’lgan orzu-umidlarni Vladimir Putin puchga chiqargan.

Sovet Ittifoqi 1922-yilda tuzilgan va 1991-yilda tarqab ketgan

"Bu namoyishlar haqida nima deb o’ylaysiz, deb tengdoshlarimdan so’rayman. Foydasi yo’q, deb javob qilishadi. Lekin ko’rib turibman, yoshlar umidga to’la, ular o’zgarishlarga ishonadi", - deydi Irina.

Yana bir Sovet respublikasi - Ukraina mustaqil bo’lganida, odamlar yerimiz ko’p, sanoatimiz rivojlangan, endi hayot yaxshilanadi, turmush darajasi oshadi, deb umid qilgan edi. Yillar o’tdi. Oshgani – energiya narxi bo’ldi.

Vasil Lopux - Nyu-Yorkda Taras Shevchenko nomidagi ilmiy markazda tadqiqotchi. Asli Ukrainaning Ternopil shahridan, iqtisodiyotdan dars bergan. Sovetlardan qolgan sanoatu korxonalar mamlakat biror naf ko’rmaganini aytadi.

Ukraina aholisining taxminan 60-65 foizi bevosita yoki bilvosita harbiy sanoatda ishlagan.

Mixail Gorbachyov, SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti

"Sovet armiyasi tarqaganidan so’ng Ukraina zavodlarida ishlab chiqariladigan qurol-yarog’ va boshqa mahsulotga ehtiyoj ham yo’qoldi. Natijada odamlar ishsiz qoldi. Bugungi kunda Ukraina boshqa Sovet respublikalari singari poraxo’rlik botqog’iga botgan. Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo’lida katta to’siq bu. Yangi rahbarlar mamlakatni qanday boshqarishni bilmadi", - deydi olim.

"Ular o’z cho’ntagi, o’z foydasi haqida qayg’urdi. O’lka iqtisodiy jihatdan mustaqil bo’lsin deb hech kim o’ylagani yo’q".

O’zbekistonlik Isoqjon Zokirov vataniga qaytolmaydi. “Meni darhol qamashadi u yerda”, - deydi u. 1991-yilda mustaqillikka erishgan yurt Islom Karimovdan boshqa rahbarni ko’rgan emas. Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullangan Isoqjon Zokirov 2004 yilda O’zbekistonni tark etgan. Bugun Nyu-Yorkning Brayton Bich mahallasida qora ishlarda ishlaydi.

Toshkent

"O’zbekistonda turmush darajasi pasayib ketgan. Iqtisodiy ahvol ayanchli. Demokratik islohotlardan umuman darak yo’q", - deydi u.

Xalqaro tashkilotlardan ham shu gaplarni eshitasiz. Zokirovga Amerikadagi hayot ma’qul.

"Men uchun bu yerda yashash xavfsiz. Bu demokratik mamlakat, men esa demokratiya tarafdoriman. Ish topsa, o’qisa bo’ladi. Imkoniyatlar ko’p".

Bir paytlar turli respublikalarda yashab, Sovet fuqarosi bo’lgan bu muhojirlar endi yana umumiy vatanga ega - Qo’shma Shtatlar.