Pekinda uy qamog’idan qochib, Amerika elchixonasida jon saqlagan xitoylik huquq faoli Chen Guanchen AQShga yo’l olishi mumkin. Nyu-York universiteti unga stipendiya taklif etgan. Dissident hujjatlarini kutmoqda.
Chen Guanchen Nyu-York universiteti granti bo’yicha huquqshunoslikdan ta’lim oladi. Oliygoh professori Jerom Koxenning tasdiqlashicha, Chen xorijga chiqish uchun pasport olish arafasida.
Nyu-York universitetida Xitoy huquqiy tizimini o’rganuvchi institut bor, deydi professor.
“Biz Xitoyda sudyalar, prokurorlar, huquqshunoslar hamda professorlar uchun tayyorlov kurslarini tashkil etganmiz. Oddiy odamlar bilan ham ishlaymiz. Har hafta ingliz yoki xitoy tilida turli mavzular bo’yicha yig’inlar o’tkazamiz. Dasturimiz jonli va qiziqarli bo’ladi. Chen bu yerda vaqtini maroqli o’tkazishiga ishonchimiz komil”, deydi professor Koxen.
“Amerika qonunchiligi huquqiy islohot o’tkazishni o’ylayotgan har bir davlat uchun qimmatli ma’lumot manbaidir. Qonunlarimizni ko’chirishmaydi, ammo undan o’zlariga ancha foydali g’oya olishlari mumkin. Mao Zedun bir paytlar aytganidek, “eng yomon misol ham asqotishi mumkin”, deydi professor Koxen.
Chen ko’zi ojiz bo’lishiga qaramay, huquqni mustaqil ravishda o’rgangan. Xitoyda aholi sonini nazorat qilishga qaratilgan bir farzandlilik siyosatiga qarshi chiqqani uchun 2006-yil qamoqqa tashlangan. U o’tgan oy uy qamog’idan qochib, AQSh elchixonasiga yashirinib olgan edi.
Xitoy hukumati faolga o’z mamlakatida huquqiy ta’lim olishi mumkinligini ta’kidlab keladi. Chen esa Xitoyda o’zi va oilasiga xavf borligini ta’kidlab, AQShda o’qish istagida ekanini aytadi. Huquq faoli bilan bog’liq mojaro AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning Xitoyga tashrifi bilan bir paytga to’g’ri keldi.
Osiyo jamiyati tashkilotining Xitoy bo’yicha tahlilchisi Maykl Kulmaning aytishicha, Chen ishi AQSh uchun yangi bir sinov.
Kulmaning aytishicha, Xitoy Chen ishini ijobiy hal qilishga majbur. Ammo kelajakda faolning yurtiga qaytishiga ruxsat bermasligi mumkin, deydi u.
“So’nggi misollarga nazar tashlaydigan bo’lsak, dissidentlar AQShga kelgach, Xitoyga ta’siri kamayganini ko’rish mumkin. Gap masofada, Xitoyda kundalik hayotni kuzatish imkonining yo’qligida”, deydi Kulma.
Professor Koxenning aytishicha, Nyu-York universiteti huquqshunoslik fakulteti Chenning tashrifidan mamnun. Ammo o’z vatanida erkin o’qiy olganida, yanada yaxshiroq bo’lar edi, deydi u.