Arablar Obama haqida qanday fikrda? Yaqinda o’tkazilgan so’rov natijalari

Yaqin Sharq mamlakatlarida o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalari shundan dalolat bermoqdaki, AQSh rahbari Barak Obamaning nufuzi tushib ketgan. Bu davlat siyosatiga nisbatan munosabat yanada salbiylashgan.

Bu jamiyatlarda hukmron fikr shuki, Eron ommaviy qirg’in quroli ustida ishlamoqda va uning bunga haqqi bor.

So’rovni AQShning Merilend shtati universiteti va Zogby International tashkiloti o’tkazilgan bo’lib, unda har yili bo’lgani kabi Misr, Iordaniya, Livan, Marokash, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari ishtirok etgan. So’rov natijalari umumiy bo’lib, muayyan bir davlatni hisobga olmaydi.

Bir xulosa shuki, arablar hali ham Amerikani xush ko’rmaydi. So’rovda qatnashganlarning atigi 20 foizi AQShning islom diniga nisbatan siyosatini ijobiy baholagan.

O’tgan yili prezident Obamaning arablar orasida reytingi ancha yuqori edi. Yaqin Sharq siyosatida o’zgarish bo’lishiga umid katta edi. Biroq umidvorlarning uchdan ikki qismi Obamadan ko’ngli qolganini aytadi.

Ken Pollak, Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassisning aytishicha, ko’plab arablar Obama ma’muriyatining Isroil-Falastin tinchlik jarayonida passivligidan norozi.

“Obama prezidentlikka saylanayotganida masalani joyidan siljitishga katta va’dalar bergan, ammo arablar nazarida so’zining ustidan chiqmadi”, - deydi Pollak.

Merilend universiteti professori Shibli Telxami so’rovni o’tkazgan mutaxassislardan.

“So’ralganlarning 27 foizi Iroqdagi beqarorlik va saylovlardan bir necha oy o’tib haligacha hukumat yo’qligidan norozi bo’lsa-da, AQSh qo’shinlari Iroqni tark etayotganidan mamnun. Arablar har bir so’rovda buning tarafdori”, - deydi olim.


Falastin-Isroil mojarosi yechimsiz qolayotgani ko’ngil sovishiga sabab asosiy omillardan. Aksar arablar Falastin davlati barpo etilishini istaydi hamda 1967-yilgi Isroil-Arab urushidan oldingi chegaralarni qaytarish tarafdori. Ammo Isroil bunga rozi bo’lmasligini ular yaxshi biladi.

So’rovda qatnashganlar nazarida Eron ommaviy qirg’in qurollarini yaratishga intilmoqda, biroq buning uchun uni jazolash, bosim qo’yish to’g’ri emas, deydi ular. Har bir mamlakat o’z yadro dasturiga ega bo’lishga haqli va Eronda yadro qurolining bo’lishi Yaqin Sharq uchun yaxshi, deb hisoblaydi arablar.

Professor Telxamining aytishicha, bunday fikrlash arablarning AQSh siyosatiga nisbatan g’azabini aks ettiradi.

“O’tgan yilgi so’rov natijalariga qaraydigan bo’lsak, so’ralganlarning atigi 29 foizi Eronda yadro quroli bo’lishi kerak, degan fikrda edi. Bu yili esa AQSh tashqi siyosatidan ko’ngli qolganlar ham, Eronni qo’llab-quvvatlayotganlar ham ko’p”, - deydi Shibli Telxami.

Tadqiqotchilar Internet va televideniyega munosabatni ham o’rgangan. Internetdan foydalanuvchilar soni Yaqin Sharqda o’sib boryapti. Ko’pchilik yangiliklarni avvalambor Al-Jazira kanalidan olishini aytgan.

Respondentlarning yarmidan ko’pi deyarli har kuni Amerika va Yevropa filmlari va musiqali kliplarni tomosha qilar ekan.