Prezident Barak Obama bugun Indoneziyaning Bali orolida Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan muloqotda.
Birmani siyosiy islohotga undaydigan yangi diplomatik tashabbus, Avstraliyada yangi harbiy baza, shuningdek, yirik iqtisodiy bitimlar safar kun tartibidan o’rin oldi.
Qo’shma Shtatlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida o’z strategik manfaatlariga ega. To’qqiz kunlik safari davomida prezident Obama ittifoqchilik rishtalarini mustahkamlab, savdo-sotiq ko’lamini oshirishni istaymiz, deb qayta-qayta eslatdi.
Balida o’tayotgan regional sammitda Amerika rahbari Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx bilan yuzma-yuz ko’rishdi. Afg’onistondagi vaziyat, xavfsizlik hamda yadro qurollari tarqalishining oldini olish borasidagi hamkorlik haqida gap ketdi.
Manmoxan Singx ikki davlat o’rtasidagi diplomatik munosabatlarni “a’lo” deb baholaydi. O’tgan yili AQSh va Hindiston tinch maqsadda yadroviy texnologiyalar almashishga qaror qilgan edi, ammo kelishuv hali kuchga kirmagan.
“Bu sohada hamkorlik boshlanishi uchun hal etilmagan barcha masalalarni ko’rib chiqishga tayyormiz”, - deydi Hindiston vaziri.
Barak Obama Filippin va Malayziya rahbarlari bilan ham muloqot qildi. Sammitga mezbon Indoneziya AQSh bilan qiymati 200 milliard dollarga teng shartnoma imzolagan.
“Boing” kompaniyasi bu davlatga 200 dona yo’lovchi samolyot yasab beradi. Amerika uchun bu 100 mingdan oshiq ish o’rinlari degani.
AQSh rahbari kecha Avstraliyada bo’lib, harbiy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olgan.
Yaqin orada bu mamlakatga 2,5 ming amerikalik zobit safarbar etiladi. Qayd etish joiz, Avstraliya bazalaridan kengroq foydalanish haqidagi kelishuvdan Xitoy norozi.
Vashington e’lon qilgan yirik diplomatik tashabbuslardan biri – uzoq yillar harbiy xunta nazoratida bo’lgan Birmaga taalluqli.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton so’nggi payt islohot tomon qadam tashlayotgan bu davlatga kelasi oy tashrif buyurishi rejalangan.
Obamaning qayd etishicha, Birma hamon dunyodagi repressiv jamiyatlardan biri, lekin demokratik taraqqiyot jiddiy maqsad ekanini namoyish etish imkoniyatiga ega. “Islohotga zo’r bersangiz, munosabatlarni yangi sahifadan boshlashga tayyormiz”, - deydi u.
Birma matbuotiga qo’yilgan cheklovlar bir oz yumshatilgani, siyosiy mahbuslar ozod etilganini olqishlaymiz, dedi Obama. Xillari Klinton safari davomida fuqaro jamiyati faollari, jumladan, muxolifat lideri Ang San Su Chi bilan uchrashishi kutilmoqda.
Amerika tashqi ishlar vazirasi ASEAN biznes anjumanida, asosan, iqtisod va savdo haqida gapirdi. Janubiy Osiyo davlatlari va AQSh o’rtasida savdo hajmi so’nggi 20 yilda uch karra oshgan bo’lsada, imkoniyatlar talay, deydi Xillari Klinton.
Uning aytishicha, hamkorlik erkin va adolatli raqobatga asoslanishi shart.
Xillari Klinton ASEAN tashkilotiga a’zo davlatlardan savdo yo’lidagi to’siqlarni olib tashlashni, xorijiy investorlarga yo’l ochishni so’radi.