Obama Xitoyga doir siyosatim to’g’ri deydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama, vitse-prezident Jo Bayden

AQSh rahbari Barak Obama Demokratlar partiyasidan prezidentlikka rasman nomzod. Partiya syezdida bu maqomni qabul qilib olgach, u shtatlar bo’ylab saylov oldi targ’ibot safariga jo’nab ketdi.

Barak Obama va uning respublikachi raqibi Mitt Romni bugun Ayova va Nyu-Gempshir shtatlarida saylovchilarga murojaat qiladi. Ikki shtat noyabrdagi prezident poygalarida hal qiluvchi rol o’ynashi kutilmoqda.

Obama kecha Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahrida Demokratlar partiyasi qurultoyida so’zlar ekan, xalq Amerika uchun ikki yo’ldan birini tanlashi kerak, dedi.

Prezident sanoat, ta’lim, milliy xavfsizlik, kamomadni qisqartirish kabilar ustida ter to’kayotganini aytib, fuqarolarni shu yo’lda birlashishga undadi. Shunda yangi ish o’rinlari, yangi imkoniyatlar yaratamiz, mustahkam poydevorli iqtisodiyot barpo etamiz, dedi Obama.

Demokrat rahbar raqibi Mitt Romnini tanqid ostiga olib, qator masalalar, xususan, tashqi siyosat bobida uquvsizlikda aybladi.

Uning aytishicha, bugun Amerika Xitoyga nisbatan yuritayotgan siyosat asosli. Rasmiy Pekinning noxolis valyuta siyosati, milliy pul birligi yuan qiymatini sun’iy ravishda past ushlash siyosatiga qarshi qat’iy turib keldik, deydi Obama. Arzon Xitoy moli boshqa davlatlar, jumladan, Amerika mahsulotiga qaraganda tezroq sotiladi va bundan Amerika ishlab chiqaruvchisi ziyon ko’rib keladi.

Qo’shma Shtatlar bugun jadal taraqqiy etayotgan region - Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan rishtalarni mustahkamlamoqda, bu alohida e’tiborga loyiq, deydi prezident.

“Ishonchli ittifoqchilar bilan aloqani yanada yaxshilab, yadro quroli tarqalishiga qarshi yangi koalitsiya tuzdik. Tinch okeani mintaqasida AQSh nufuzini mahkamlab, amerikalik ishchilar manfaatini himoya qilib, Xitoy ta’siriga qarshi ishonch bilan javob bera oldik”, - deydi Barak Obama.

Amerika prezident poygalarida Xitoy muhim mavzulardan biriga aylangan. Romni Obamani rasmiy Pekinga bosh egganlikda, Amerikada mualliflik huquqlari poymol etilishiga yo’l qo’yganlikda ayblaydi. Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod Pol Rayan fikricha, Xitoy Obamani “odam o’rnida ko’rmaydi”.

Obama Xitoyga qattiq dakki berib kelsa-da, “valyuta manipulyatori” deya rasman tamg’alashgacha bormadi. Romni prezident bo’lgan kuni Xitoyga shunday qora tamg’a bosish niyatida.

Prezident Obamaning nutqini tomosha qiling (ingliz tilida).

Obama Romnining yozda Yevropa va Isroilga qilgan safarini nishonga oldi. Respublikachi arbob Britaniya Olimpiya o’yinlariga mezbonlikni eplashini shubha ostiga olgan, bundan qirollikning ensasi qotgan edi. “Eng yaqin ittifoqchimizni haqorat qila turib, diplomatiyaga tayyormiz demang”, - deya kuldi Obama.

Barak Obama prezidentlikka qayta saylanishga shay