Prezident Obama musulmon ahlini Ramazon hayiti bilan tabrikladi

  • Amerika Ovozi

"Bu yil ko’plab insonlar ro’za tutgan holda ozodlik, haq-huquq uchun kurashdi",- deydi Obama, arab dunyosidagi qo'zg'olonlarga ishora qilar ekan.

"Men va rafiqam Mishel butun dunyo musulmon ahlini Iyd ul-Fitr munosabati bilan qutlaymiz.

Ramazon oyi oilalar va jamoalar bir davraga yig'iladigan, toat-ibodat hamma narsadan ustun qo'yiladigan palladir.

Millionlab insonlar bu kunlarda beva-bechora, muhtojlarga yordam qo’lini cho’zib, mehr ulashdi.

Shu tariqa ular iymon va irodasini namoyish etadi.

Bu yil ko’plab insonlar ro’za tutgan holda ozodlik va haq-huquq uchun kurashdi.

Qo’shma Shtatlar erkinlik uchun jon-jahdi bilan harakat qilayotgan bu xalqlarni qo’llab-quvvatlaydi.

Afrika sharqida ochlikdan azob tortayotgan go’dakmi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada zolimlar bilan olishayotgan, haqqini talab qilayotgan yigit-qizlarmi – baringiz bilingki, Amerika siz bilan.

Muborak Ramazon oyi nihoyasiga yetar ekan, biz musulmon ahliga tinchlik, baraka tilaymiz. Hayit muborak bo’lsin!"

Muqaddas ayyomni aks ettirgan tasvirlar: