2 noyabr kuni AQShda Kongress va mahalliy rahbarlar uchun saylovlar

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Vashington shtati Seatl shahridagi bir hovlida saylovchilar bilan muloqot qilmoqda

AQSh rahbari Barak Obama mamlakat kezib, saylovchilarni demokratlar uchun ovoz berishga undamoqda.

2 noyabrda bu yurtda Kongress va mahalliy hokimiyatlar uchun saylovlar bo’lib o’tadi. Ommaviy so’rovlarda ko’pchilik respublikachilar tomonda ekanini aytmoqda.

Reytinglarga tayanadigan bo’lsak, Demokratik partiya Kongressning har ikki palatasida hukmronlikni boy berishi mumkin. Prezident Obama shtatma-shtat yurib, saylovchilar bilan uchrashar ekan, “o’ylab ovoz bering” demoqda.

“Men prezidentlikka kelganimdan beri yirik va juda muhim islohotlar boshladik”,- deydi Obama.

Iqtisod va ishsizlik saylov oldidan eng ko'p tilga olinayotgan masalalar

“Ular samara berishi uchun demokratlar qonunchilik organida ko’pchilikni tashkil etishi va shtatlar rahbarlari ham shu partiyadan bo’lishi kerak”,- deydi prezident.

"Har biringiz ovoz berishingiz kerak”,- deydi u Minnesota shtati yoshlariga murojaat qilar ekan. “O’zgarish bo’lsin, ijobiy o’zgarish bo’lsin desangiz demokratlarga ovoz bering”,- deydi u, u hozir olg’a surayotgan moliyaviy islohotlarni eslatar ekan.

Senatda demokratlar sardori Garri Rid Nevada shtatidan qayta saylanish niyatida. Lekin uning raqibi Sheron Engl, “Choychilar” harakati degan konservativ guruh vakili ishsizlik keng tarqalgan bu shtatda demokratlarga qarshi qattiq kampaniya olib bormoqda.

Vakillar Palatasidagi 435 o'rinning hammasi, 100 o'rinli Senatdagi 37 joy uchun kurash ketmoqda

Obama “Garri Rid bosiq va uzoqni ko’zlab ish tutadigan siyosatchi” deydi.

“Boshqalarni qoralab, la’nat toshlari otishni bilmaydi”, - deydi prezident Sheron Engl olib borayotgan targ’ibotga ishora qilib.

“Nevada senatorimiz rostgo’y va halol inson bo’lsin desa, Garri Ridni tanlaydi”,- deydi u.

“Demokratlar faqat kelajak haqida o’ylaydigan partiya. Respublikachilar esa o’tmishda yashashni ma’qul ko’radi. Ular hukmronlikka kelsa, taraqqiyotni ko’zlovchi barcha dastur va loyihalarni bekor qilib, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish to’xtab qoladi”,- deydi Obama.

Respublikachilar esa “Rostdanmi”? deb so’ramoqda.

Ogayo shtatida yoshlar prezident nutqini tinglamoqda

Janubiy Dakotadan saylangan senator Jon Tun fikricha, demokratlar oldinga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin, ammo xalqni egri yo’ldan olib ketmoqda. “Jar yoqasiga”, deydi u.

Amerikada moliyaviy inqiroz davri tugagani qayd etilsa-da, uning oqibatlari har yerda namoyon. Ishsizlik qariyb 10 foizda qolmoqda.

Odamlar saylovda kimga ovoz berishini ko’p jihatdan mana shu omil hal qiladi.

Shu kungacha ko’rilgan choralar samara berishi uchun vaqt kerak, lekin millionlab insonlar ishsiz o’tiribdi, oilasini boqishga, farzandlarini o’qitishga qiynalmoqda.