Obama: Amerika global lider ekan, dunyo muammolari yechimi uning bo'ynida

  • Amerika Ovozi

Kvinslend universiteti, Brisban, Avstraliya, 15-noyabr, 2014

Barak Obama Avstraliyaning Brisban shahridagi Kvinslend universitetida yoshlarga murojaat qilar ekan, o'z davlati oldidagi mas'uliyat va majburiyatlar haqida gapirdi.

Amerika rahbari Barak Obama bugun Avstraliyaning Brisban shahridagi Kvinslend universitetida yoshlarga murojaat qilar ekan, o'z davlati oldidagi mas'uliyat va majburiyatlar haqida gapirdi.

Terrorizmga qarshi kurash, Ebola singari kasalliklarni yengish, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarning oldini olish va boshqa ko'plab global muammolarga nisbatan AQSh oldingi qatorda turib chora ko'radi, deydi Obama. Chunki, deydi u, Qo'shma Shtatlar dunyoning har jihatdan eng qudratli mamlakati.

"Osiyo-Tinch okeani Amerika tashqi siyosatidagi eng muhim mintaqa. Matbuotga qarab buni bilish qiyindir, lekin haqiqat shuki, e'tibor sizda",- deydi prezident ommaga qarab.

Osiyo tezlikda rivojlanayotgan va takomillashayotgan qit'a. Amerika har bir davlat bilan hamkorlikni kengaytiradi, deydi Obama.

"Xalqaro qonunlar va kelishuvlar asosida qadam tashlaymiz. Katta davlatlar kichiklarini qo'rqitib emas, murosa va til topishish orqali harakat qilishi kerak. Bir-birimizga kerakmiz. AQSh bu mintaqada sodiq ittifoqchilarga ega va ular himoyasi uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi",- deydi Obama.

Qonun ustuvorligi va demokratiya - Amerika shularni targ'ib qilishda davom etadi.

Iqlimdagi muammolarga qarshi kurash yo'lida esa AQSh 3 milliard dollar ajratadi, deydi prezident. Hamkor davlatlarga zaharli gazlar miqdorini kamaytirish uchun zarur texnologiyaga ega bo'lishida yordam beriladi.

Kvinslend universiteti, Brisban, Avstraliya, 15-noyabr, 2014