Barak Obama “Amerika Ovozi” bilan suhbatda

Prezident Obama "Amerika Ovozi" muxbiri Andre de Neshnera bilan suhbatda, Oq Uy, 22 iyun 2011

Amerika rahbari qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqa boshlash qarorini tushuntirar ekan, mamlakatda vaziyat yaxshilanmoqda, zobitlarni kamaytirish fursati yetdi, deydi.

Barak Obama 22 iyun kuni Oq Uyda "Amerika Ovozi" bilan ekslyuziv muloqotda bo'ldi. Muxbirimiz Andre de Neshneraning savollariga javob berar ekan, jumladan shunday dedi:

“2011 yil oxirigacha 10 ming askar vatanga qaytadi. Kelasi yilning yozida esa yana 23 ming. Jami 33 ming”.

Reja amalga oshsa, kelasi yili sentyabrga borib Afg’onistonda 68 ming harbiy qoladi. Qo’mondonlar va Hamid Karzay ma’muriyati bilan yaqindan maslahat qilingan.

"Bunday qarorlar, albatta, osonlikcha qabul qilinmaydi. Hozirgidek nozik bir vaziyatda balans-muvozanatni saqlash muhim. Afg’onlarga gapimiz – siz o’z yurtingiz uchun javobgarsiz. Xavfsizlik uchun mas’uliyatni ular his etishi kerak”, - deydi AQSh rahbari.

Afg’oniston rahbari Hamid Karzay Qo’shma Shtatlar va NATOga a’zo boshqa mamlakatlarni harbiy xatolar, xususan begunoh odamlar o’limida tanqid qilib keladi. Shunday bo’lsada, strategik maqsadlar mushtarak ekanini tomonlar yaxshi anglaydi.

“Afg’oniston suvereniteti va xavfsizligini ta’minlash - oliy maqsad. Bu xalq o’z taqdirini o’zi belgilasin. Xalqaro hamjamiyat va ayniqsa AQSh ularga ittifoqchi va hamkor. Bu yo’lda yordamni ayamaymiz”, - deydi Obama.

Intervyu ingliz tilida, 1-qism

Prezident o’z hamyurtlari urushdan tinkasi quriganini ham tan oladi.

“2001 yilda Afg’onistonga kirgan bo’lsak, qariyb 10 yil bo’ldi bu mojaroga. Qancha qon to’kildi, millionlab dollar pul sarflandi”, - deydi u.

Obamaning ta’kidlashicha, AQSh ishni chala qoldirib ketmaydi. Maqsad afg’onlarga tinch, osoyishta yurtni topshirish.

Pokistonga kelsak, Vashington bilan munosabatlar so’nggi payt sovigani rost. Al-Qoida yetakchisi Osama bin Laden bu davlat zaminida o’ldirilgan edi, Islomobod bilan maslahat qilmasdan.

“Jangari yetakchilarini qidirib topish va yo’q qilishda razvedka idoralarimiz yaqindan hamkorlik qiladi. Qayd etish joiz, terrorizmdan Pokistonchalik aziyat chekkan mamlakat yo’q”, - deydi Obama.

Ekstremistlar Pokiston hududida in qo’ygani hammaga ayon. Ulardan qutulish avvalo bu mamlakatning o’ziga foyda, deydi prezident.

Intervyu ingliz tilida, 2-qism



Kobulda o’tgan matbuot anjumanida afg’on rahbari Hamid Karzay mamlakat o’z mudofaasini ta’minlashga tayyor ekanini aytdi.

“Afg’onistonda askar sonini kamaytirish to’g’risida Amerika prezidenti e’lon qilgan rejadan juda mamnunmiz va buni to’g’ri qadam deb bilamiz. Afg’oniston o’z yoshlari va qurolli kuchlariga tayanib, o’z mudofaasini qo’lga olish darajasiga yetgani katta jasorat, ham muvaffaqiyat”, - deydi Hamid Karzay.

Chet el qo’shini mamlakatni tark etayotgani oddiy afg’onlar orasida xavotir va qo’rquv bilan qarshi olinayotgani seziladi.

“Zo’ravonlik ko’lami oshmasa bo’lgani. Shoshilinch qarorlar vaqti emas hozir, ular ham buni tushunadi degan umiddaman”, - deydi kobullik Mirvois Adibyor.

Obamaning murojaati ketidan ittifoqchi davlatlar, Britaniya, Germaniya va Fransiya ham qo’shin sonini kamaytirish va 2014 yilda Afg’onistonni butunlay tark etish rejasini bayon qildi.

Britaniya kontingenti bu yerda eng yiriklaridan - 9,5 ming zobit xizmatda. Germaniya shu yili 5 ming askarini olib chiqmoqchi. Fransiya esa taxminan ming.