Qo’shma Shtatlar armiyasi shu oy oxirida Iroqni tark etish taraddudida. Prezident Barak Obama kecha Jorjiya shtatida urush faxriylari oldida so’zlar ekan, AQShning bu davlatdagi jangovar missiyasi poyoniga yetmoqda, dedi.
Prezident jangchilar jasoratini olqishladi. “Iroqdagi kabi yutuqlarni Afg’onistonda ham qo’lga kiritishga qodirmiz”, deydi Obama.
Lekin parlament saylovlaridan besh oy o’tib ham Iroqda yangi hukumat tuzilmagan. Yangi saylangan parlament bosh vazir va boshqa arboblarni tanlay olmay xunob.
Nafaqat poytaxt, uning tevaragida ham xurujlar sodir etilmoqda. Iyul oyining o’zida yuzlab odam halok bo’lgan.
Biroq prezident Obama harbiy missiyani tugatib, askarlarni olib chiqish qarorida qat’iy. Shu oy oxirida aksariyat qo’shin Iroqni tark etadi. “Urushni tugatib, talofatlarga chek qo’yish va’damni ado etayapman”, dedi Obama urushdan nogiron qaytgan fuqarolar oldida so’zlar ekan.
“Xizmatga kirishgan kunim Iroqqa doir yangi strategiyani e’lon qilgan edim. Unga ko’ra, barcha mas’uliyat sekin-asta mahalliy hukumatga o’tishi, shu yilning 31 avgustida esa askar qiz-yigitlar uyga qaytishi kerak edi. Va’damning ustidan chiqayapman”, - deydi Obama.
Avgust oxirigacha 90 ming zobit Iroqni tark etadi. 50 ming askar esa qolib, Iroq armiyasini tayyorgarlikdan o’tkazadi, bu yerda ishlayotgan AQSh fuqarolari, idoralar xavfsizligini ta’minlaydi.
Obamaning tan olishicha, hozir Iroq anchayin bexatar, zo’ravonlik ko’lami keskin pasaygan. Biroq yechimini kutayotgan muammolar hamon talaygina va jangarilar bu zaiflikdan foydalanmoqda.
Jorjiya shtatida qilgan nutqida Obama shiddatli olishuvlar ketayotgan Afg’oniston masalasida ham to’xtaldi. Iyul oyi AQSh qo’shinlari uchun har qachongidan qonli kechgan.
“Afg’onistonda al-Qoida va boshqa terrorchi kuchlar emin-erkin yurishiga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi Obama. “Jangarilar, ektremist kuchlarni yo’q qilishga bel bog’laganmiz”, - deydi AQSh rahbari.
Obama ma’muriyati faxriylarini har jihatdan qo’llab-quvvatlashga vad’da bermoqda. “Urush haqida bahs qilib, talashib-tortishishimiz mumkin, ammo askar o’g’il-qizlarni siylashda niyatimiz mushtarak”, deydi u.