Obama ta’tildan qaytdi, respublikachilarni kelishib ishlashga undamoqda

  • Amerika Ovozi

Obama ta’tildan qaytdi, respublikachilarni kelishib ishlashga undamoqda

Gavayi shtatidagi ikki hafta ta’tildan so’ng ilk prezidentlik muddatining ikkinchi yarmiga kirishar ekan, Obamani oldinda iqtisodiyot, ishsizlik, tashqi siyosat va raqib respublikachilar bilan kurash kutmoqda.

Gavayida dam olib, kuchga to’lib qaytgan Obama Vashingtonda siyosiy bahs-tortishuv, kurashga sho’ng’ishi kutilmoqda.

Yangi yildan e’tiboran kuchlar muvozanati o’zgargan. Kongress Vakillar Palatasida Obama o’tkazgan islohotlarni bekor qilishga shay muxolif Respublikachilar partiyasi hukmron.

Ertaga tarkibi o’zgargan Kongressning 112-sessiyasi ish boshlaydi. O’tgan ikki oy davomida safdosh demokratlarning palatadagi hukmronligidan foydalangan Obama qator islohotlarni amalga oshirgan edi.

Sog’liqni saqlash, soliq, ishsizlarga imtiyoz, Rossiya bilan START bitimi kabi muhim qonun loyihalari tasdiqlandi.

Vakillar Palatasida ko’pchilikni qo’lga kiritgan respublikachilar shu haftayoq ishga kirishib, sog’liqni saqlashga doir hujjatni qayta muhokamaga qo’ymoqchi. Demokrat qonunchilar har qanday hujumni qaytarishga tayyor.

Biroq siyosiy tahlilchilar respublikachilar qarshiligidan foyda yo’q deb hisoblaydi. Chunki Vakillar Palatasida ma’qullangan taqdirda ham hujjat demokratlar hamon hukmron Senatda taqa-taq to’xtashi mumkin.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs fikricha, bolalarni, og’ir xasta kishilarni imtiyozli tibbiy xizmat bilan ta’minlashga doir bu loyihaga qarshi chiqqan har bir respublikachi qonunchi o’ziga choh qazishi, omma e’tiboridan qolishi aniq.

Vakillar Palatasida republikachilar sardori, yangi spiker Jon Beyner nazarida hukumat ortiqcha sarf-xarajatni oshirmoqda. Qonunchi bunga chek qo’yamiz, sarfiyatlar, qancha pul, nimaga ketganini izchil tergov qilamiz, deydi.

Prezident Obama samarasiz dasturlarni tugatish tarafdori, biroq ta’lim va iqtisodiy o’sishga doir sarmoyaga qo’l tekkizmang, deydi.

1,3 trillion dollarlik byudjet kamomadi, 14 trillion dollarlik milliy qarzni kamaytirish – Obama oldida turgan mushkul vazifalardan. Murakkab maqsadlar yo’lida kelishib ishlaydlik, deydi prezident respublikachilarni murosaga undar ekan.

Tashqi siyosatda esa Afg’oniston, Yaqin Sharq kabi masalalar yechimini kutmoqda. Tez orada Obamaning elchilari regionga yo’l olishi kutilmoqda.