Prezident Barak Obama BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib dunyo ahliga murojaat qilar ekan, Amerika xalqaro taraqqiyot borasidagi siyosatini yangilamoqda dedi.
Uning ta’kidlashichia, bu strategiya endi oziq-ovqat va moliyaviy ko’mak bilan cheklanmay, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlovchi omillarga asoslanadi.
Qo’shma Shtatlar, deydi Obama, insonparvarlik yordami yetkazishda global lider bo’lib qoladi. Bu yil tabiiy ofatlardan qaqshagan Gaiti va Pokistonga eng ko’p madad aynan AQShdan bordi.
BMTning Mingyillik Taraqqiyot Dasturi jahon bo’ylab qashshoqlikni yengishni maqsad qilgan. Bunga erishish uchun, deydi Amerika rahbari, e’tiborni daromadi past davlatlarga qaratib, muammo sabablarini tan olish va real choralar ko’rish kerak.
“Hozirda bergan yordamimiz qisqa muddatni ko’zlaydi. Lekin ertaga bu insonlar holi nima kechadi? Siyosatni shu haqda o’ylab belgilash kerak”,- deydi Obama.
“Millionlab odamlar o’nlab yillar davomida tashqaridan hadya qilingan oziq-ovqatga qaram bo’lib kun kechirmoqda. Bu axir taraqqiyot emas. Bu siyosatdan voz kechishimiz kerak. Hozir biz qashshoqlikni nazorat qilayapmiz xolos, undan qutulish uchun nima qilayapmiz?”
Bu singari bayonot va qarashlar BMT minbarida ilk bor yangarayotgani yo’q. Amerikaning avvalgi rahbarlari ham shunday siyosatni targ’ib qilgan va qashshoqlikka qarshi konkret choralar ko’rayotgan hukumatlarga yordam qo’lini cho’zgan. Maxsus yordam dasturlari ishlab chiqilgan.
Shunisi yangilikki, Barak Obama yuqoridagi g’oyalarni ustuvor maqsad deb belgilab, 22 sentabr kuni Global taraqqiyot bo’yicha farmonga imzo chekdi.
Unda qayd etilishicha, kambag’al mamlakatlardagi ahvolga ko’z yumish AQSh davlat xavfsizligiga raxna soladi. Ko’mak berish - Amerika uchun strategik, iqtisodiy va insoniy burch.
Bugun Obamaning yurtida ham iqtisodiy vaziyat og’ir. Aholining salkam 10 foizi ishsiz ekan, millionlab fuqarolar davlat yordamiga muhtoj.
Obama fikricha, AQSh baribir chetga yordamni ayamasligi kerak, sahovat rahmat keltiradi.
“Odamlar qashshoqlik, imkonsizlikdan qiynalayotgan joylarda tinchlik bo’lmaydi. Ekstremizm ildiz otadi”,- deydi Obama.
“Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. Bugun bir odam holsizlansa, ertaga butun jamiyat quvvatini boy beradi. "Xayriyadan baribir foyda yo’q, ayrim xalqlar qancha yordam bersak ham qashshoqlikdan chiqmaydi" deya umidsizlikka berilmay, insoniy vazifa va burch haqida o’ylaylik”,- deydi u.
AQSh yangi strategiyasi savdo cheklovlari va to’siqlarini olib tashlash, siyosiy korrupsiyaga qarshi kurashni o’z ichiga oladi. Ko’plab jamiyatlarni aynan shu muammolar sabab rivojlana olmayapti, deydi Obama.
BMT Mingyillik Taraqqiyot Dasturini 10 yil oldin qabul qilgan edi. Ko’zlangan maqsadlardan haliveri darak yo’q. Hatto rivojlangan, boy davlatlar ham, BMT oldida berilgan va’daga binoan, yillik daromadining 0,7 foizini global taraqqiyot uchun ajrata olmayapti.
Lekin, deya tan oladi diplomatlar, Amerika bugun muhtoj xalqlarga eng ko’p ko’mak berayotgan davlat. O'tgan yili taxminan 30 milliard dollar.
BMT Bosh kotibi fursatdan foydalanib, Mingyillik Taraqqiyot Dasturi doirasida yangi bir kampaniya e’lon qildi. Maqsad ona va bola salomatligi yo’lida 40 milliard dollar jamg’arish. Bu bilan kelasi besh yil ichdia 16 million ona va bola hayotini saqlab qolish mumkin.