BMT bu hafta asosan arab bahori, Falastin va Afg’oniston haqida gaplashadi

  • Amerika Ovozi

BMT bu hafta asosan arab bahori, Falastin va Afg’oniston haqida gaplashadi

21-sentabr, chorshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 66-sessiyasi ochilib, unda 120 dan ziyod davlatlar, jumladan Markaziy Osiyo prezidentlari qatnashishi kutilmoqda.

Oq uy berayotgan ma’lumotga ko’ra, prezident Barak Obama nutqida demokratik taraqqiyot, Shimoliy Afrikadagi olamshumul o’zgarishlar va Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarini tilga oladi.

BMT Bosh Assambleyasining so’nggi yig’ilishidan beri Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika tanib bo’lmas dajarada o’zgardi.

O’tgan olti oy ichida “arab bahori” deb nomlanmish voqealarga, diktatorlik tuzumlari qulaganiga guvoh bo’ldik. Suriya va Liviyada xalq isyoni davom etyapti.

BMT bu hafta asosan arab bahori, Falastin va Afg’oniston haqida gaplashadi

Prezident Barak Obama BMT minbarida xususan Suriyadagi vaziyatga to’xtab o’tishi kutilyapti. Hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirish harakatida ekan, 2600 odamning yostig’i qurigan.

“Arab bahori”ni boshlab bergan Eron, Vashington nazarida, Suriyaga yordam qo’lini cho’zib ikki yuzlama siyosat yuritmoqda. Islomiy tuzum erkinlik tarafdori ekanini da’vo qila turib, namoyishlarni bostirishga zimdan hissa qo’shayapti, deydi rasmiylar. Barak Obama Eron yadro dasturini ham tilga oladi.

BMT sessiyasi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar belgilangan. AQSh va Yevropa yosh demokratik jamiyatlarni qay tarzda qo’llab-quvvatlashi mumkin? Asosiy e’tibor shunga qaratiladi.

Prezident Obama, xususan, Liviya milliy muvaqqat kengashi raisi Mustafo Abdul Jalil, Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an hamda Fransiya rahbari Nikolya Sarkozi bilan muloqot qilishi rejada.

Muammar Qaddafiyga qarshi harbiy operatsiyada qatnashgan davlatlar yetakchilari, shu qatorda Erdog’an ham o’tgan hafta Liviya poytaxti Tripolida bo’lib, vaziyat bilan tanishgan edi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi direktori Xezer Konli deydiki, Yevropa yetakchilari Liviya operatsiyasi natijalaridan mamnun.

“Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatda uyg’onish”, - deydi u.

BMT bu hafta asosan arab bahori, Falastin va Afg’oniston haqida gaplashadi

Jahon hamjamiyati e’tiborini tortayotgan va muayyan doiralarda xavotir uyg’otayotgan yana bir masala bu – Falastin davlatchiligi.

Isroil bilan muzokaralar behuda ekanini aytayotgan prezident Mahmud Abbos to’g’ridan-to’g’ri assambleyaga murojaat qilib, uning davlatini tan olishni so’ramoqchi. Taxminlarga ko’ra, 120 dan ziyod mamlakat uni qo’llab-quvvatlaydi. Amerika va yahudiy davlati bu qarordan norozi.

Siyosatshunos Jon Alterman izohicha, Amerika BMT Xavfsizlik Kengashida Falastin tashabbusini rad etsa, bu safar ham ko’pchilik irodasiga qarshi chiqayotgan davlat bo’lib gavdalanishi turgan. Uning aytishicha, AQShga nisbatan tanqidlar yog’ilishi turgan gap.

Obama Nyu-Yorkda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan masalani muhokama qiladi. Falastin rahbari bilan yuzma-yuz uchrashish hozircha rejada emas.

Oq uydagi muxbirimiz Den Robinson xabariga ko’ra, Afg’oniston va Braziliya rahbarlari ham Barak Obama bilan muloqot qilishi kutilmoqda.