AQSh prezidenti Barak Obama mamlakat atom elektrostansiyalari xavfsizligini obdon tekshirishni buyurgan.
“Zilzila va yadroviy tahdid bilan yuzlashayotgan yapon xalqiga hamdardmiz. Yordamni ayamaymiz. Ishonchimiz komil, ular bu fojia asoratlarini yengishga qodir”, - deydi Obama.
Yaponiya hukumati zilziladan ziyon ko’rgan Fukushima atom stansiyasidan radiatsiyani to’xtatish uchun barcha chorani ko’rmoqda.
Ayni paytda elektr kabellarini tuzatish va qizib borayotgan reaktor sovutgichlarini qayta ishga tushirishga harakat ketyapti.
Barak Obamaning ta’kidlashicha, radiatsiya AQShga tahdid solmaydi.
Ekspertlar nazarida, Amerika hukumati Yaponiyadagi halokatdan xulosa chiqarib, atom inshootlarini birma-bir tekshirishi, eskirgan reaktorlardan voz kechishi lozim.
2010 yilda bu inshootlarda 14 avariya ro’y bergani qayd etilgan.
Obama fikricha atom yonilg'isi kelajak uchun muhim. AQSh yadro siyosati o’zgarmaydi, deydi u.
“Atom inshootlarimiz tabiiy ofatlarni hisobga olib qurilgan va qattiq sinovlardan o’tgan”, - deydi prezident.