Koronavirusning “omikron” shtammi sabab oxirgi kunlarda dunyo bo’ylab 8000 ga yaqin aviareyslar bekor bo’lgan bo’lsa, AQShda 2500 dan ortig’i qoldirilgan. Yolg’iz yakshanba kuni 750 ta samolyot uchmagan. Ko’p odamlarning Rojdestvo bayramiga doir rejalari barbod bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xabarlarga ko’ra, aviakompaniyalar xodimlari, jumladan, pilotlar va styuardlar virusga chalinib, kadrlar yetishmayapti.
“Menga yaqin inson olamdan o’tgani uchun uning dafn marosimiga ketyapman. Xavf darajasini tushunyapman. Ammo ba’zan o’zingizdan muhimroq narsalar bo’ladi”, - deydi sayohatchilardan biri.
Virus nafaqat aviakompaniyalar, balki kruizlarni amalga oshirayotgan kemalarga ham zarar keltiryapti. Ana shunday kruiz kemalarining birida salkam 900 xodimdan 21 nafarida virus aniqlanishi sabab u Meksikaga kiritilmay ortga qaytib ketdi. Kuba va Kolumbiyaga sayr qilgan kemalar ham sayohatini muddatidan erta tugatishga majbur bo’ldi.
Sog’liqni saqlash mutasaddilariga ko’ra, Janubiy Afrika va Angliyada “omikron” shtammiga uchrayotgan odamlar orasida kasalxonaga tushish yoki jiddiy kasallikka yo’liqish holatlari kam uchramoqda va bu ijobiy hol deya ko’rilmoqda.
“Biroq infeksiya sur’ati bu darajada yuqori bo’lgan bir paytda vaziyatni ijobiy deyish qiyin. Juda ko’p odam yengilroq darajada kasal bo’lsa ham, ijobiylik yo’qqa chiqadi”, - deydi prezidentning tibbiy masalalar bo’yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden mingga yaqin harbiyni kasalxonalarga yordam berishga safarbar etmoqchi va Fauchi prezidentning bu qarorini olqishlamoqda. Harbiylar odamlarni koronavirusga test qilishda ham qarashmoqda. Virusdan eng yaxshi himoya – vaksina, deydi mutaxassis.
“Biz emlanmagan odamlardan xavotirdamiz. O’n millionlab amerikaliklar hali emlanmagan. “Omikron”ga o’xshash viruslar o’ta kuchli bo’lib, aholining mana shunday zaif qatlamiga tez yuqadi”, - deydi Fauchi.
AQShda koronavirusga uchrayotgan odamlarning salkam to’rtdan uch qismida “omikron” shtammi aniqlanmoqda. Ayni paytda kuniga o’rtacha 165 ming odam virus yuqtirmoqda.
Bu o’rtada Bayden ma’muriyati o’tgan oy Afrika janubidagi 8 mamlakatga qo’yilgan sayohat cheklovlarini bekor qildi.