AQSh va boshqa xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etganiga bir yil to’larkan, Tolibon hokimiyatga qaytgan sanani nishonlayapti. Poytaxt Kobulda g’alaba paradi o’tkazildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tolibon hokimiyatga kelgani va xorijiy qo’shinlar mamlakatni tark etgani bilan Afg’onistonda iqtisodiyot va xalq turmushi yaxshilanmadi. Aksincha, deydi kuzatuvchilar, vaziyat yomonlashgan.
Qashshoqlik, bolalar orasida to’yib ovqat yemaslik kuchaygan, qurg’oqchilik qishloq xo’jaligiga zarba berdi, ayollar kelajagi mavhum. BMT hisobiga ko’ra, joriy yilda 900 minggacha odam ish yo’qotishi mumkin.
“Bir yilda katta o’zgarishlarga guvohmiz, ayniqsa iqtisodiyotda”, - deydi kobulliklardan biri (Homa Nazariy). “Men tanigan hammaning hayoti yomonlashdi, ta’lim darajasiga qattiq putur yetdi”, deydi u.
Aholi faqat bir narsada ijobiy o’zgarish bo’lganini aytadi – xavfsizlikda, chunki xorijiy qo’shinlar borligida Tolibonning o‘zi tinmas hujumlari bilan xavfsizlikka tahdid edi.
Xalqaro hamjamiyat Tolibon qizlar va ayollarning ta’lim olish huquqlari to’liq ta’minlanmaguncha iqtisodiy yordam jonlanmasligiga ishora qilgan.
"So’nggi bir yilda o’qiganimiz yo’q. Tolibondan bizga o’qishimizni davom ettirishga ruxsat berishlarini so’raymiz”, - deydi mahalliy talabalardan biri (Mina Ahmadzoy).
Tolibon ayollarning ta’lim olishi va ishlashiga va’da bergan, ammo islom dini doirasida.
Qo’shma Shtatlar Tolibonni inson huquqlari bobida bergan va’dalarini bajarmayotganlikda ayblayapti.
Tolibon ayollarga yuzini yopishni buyurib, aholining bu tabaqasiga haydovchilik guvohnomasini berishni to’xtatgan.
“AQShning Tolibonga bosimi ish bermayapti. Buni tan olish kerak”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Madiha Afzal.
Unga ko’ra, Tolibon xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishni, muzlatilgan pullarning qaytarilishini istaydi, biroq buning uchun AQSh talablarini bajarishi shart. Arab mamlakatlari ham Tolibondan ayollar huquqlarini ta’minlashni so’ragan, ammo hozircha bundan biror natija bo’lmayapti.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Tolibonga qarshi sanksiyalar ayollar va bolalarga ham zarar bo’lyapti, bu esa Afg’onistonning yana terrorchilar iniga aylanishiga yetaklashi mumkin.
“Mamlakatdagi gumanitar inqirozda ko’p afg’onlar AQShni ayblashi mumkin, chunki aynan AQSh ko’p yillar oldin mana shu sanksiyalarni Tolibonga qo’ygan va haligacha bekor qilgani yo’q. Sanksiyalarni deb mamlakatga pul kirmay qo’ygan. Bu esa iqtisodiy inqirozga eng katta sabablardan biri”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Maykl Kugelman.
Afg’on ayollarining birdan bir umidi xalqaro hamjamiyatdan.
"Inson kabi tinch yashashni xohlaymiz, uyning bir burchagida qamalishni, qafasda yashashni, erlarimiz yegulik so’rab yolvorishlarini istamaymiz”, - deydi ulardan biri.
Xalqaro Qizil Xoch jamiyati bugun mamlakatlar va donorlarga murojaat qilib, ulardan barcha siyosiy e’tirozlari va noroziliklarini chetga surishni, Afg’onistonda og’ir gumanitar vaziyatni yumshatish uchun davlat idoralariga yordamni jonlantirishni so’radi.
"Gumanitar tashkilotlar 40 million aholiga ega mamlakatda davlat idoralari o’rnini bosa olmaydi. Davlatlar va taraqqiyot bilan shug’ullanuvchi idoralar Afg’onistonga qaytib, afg’onlarga yordam berishi kerak”, - deydi Xalqaro Qizil Xoch jamiyati bosh kotibi Robert Mardini.
Afg’onistondagi 33 ta kasalxona faoliyatini ushlab turish maqsadida tashkilot ayni paytda ularning xodimlariga maosh to’lamoqda, tez yordam mashinalarini yoqilg’i bilan, bemorlarni esa issiq ovqat bilan ta’minlayapti.