Ochiq Dunyo Yetakchilik Dasturi O'zbekistonda ham ishlash niyatida

Kongress kutubxonasi, Vashington

AQSh Kongressi qoshida faoliyat yurituvchi Ochiq Dunyo Yetakchilik Dasturi (Open World Leadership Program) Yevrosiyo, jumladan Markaziy Osiyo jamiyatlaridagi mutaxassislar, hukumatdan tortib xususiy sektorgacha, turli soha egalarini Amerikadagi hamkasblari bilan bog'lab, malaka oshirish va tajriba almashish imkoniyatini taklif qiladi.

Programma Kongress Kutubxonasining bir qismi hisoblanadi. Albatta, davlatlar bu dastur uchun ochiq bo’lishi kerak.

Ochiq Dunyo Yetakchilik Dasturi haqida ko'proq ma'lumot izlab, uning rahbari, keksa diplomat Jon Okif (John O'Keefe) bilan suhbatda bo'ldik.

"Amerika Ovozi": Okif janoblari, bu dastur Amerika homiyligida olib boriladigan boshqa programmalardan nimasi bilan farq qiladi? Nima maqsadni ko’zlaydi?

Jon Okif: Bu dastur amaldagi rahbar olib borayotgan tashqi siyosatga bog’liq emas. U Kongress a’zolari, ya’ni 100 senator va 435 vakil iznida. 1999 yilda ishga solingan bu loyiha Davlat departamenti, ya'ni AQSh Tashqi ishlar vazirligi emas, balki Kongress, qonunchilik organi tashabbusidir. Maqsad esa oddiy. Biz yosh, intiluvchan mutaxassislarga Amerikada hamkorlar topib beramiz. Ular bir-biri bilan tanishishi, bir-biridan o’rganishi uchun zamin hozirlab beramiz. Safarlar qisqa, uzog’i bilan 10 kun. Masalan adliya tizimi xodimlarini bu yerdagi hamkasblari bilan bog’laymiz. Qonunchilarni qonunchilar bilan, jurnalistlarni jurnalistlar bilan, muallimlarni muallimlar bilan, shifokorlarni shifokorlar bilan. Xalqlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishning eng ma’qul yo’li shu, nazarimizda.

"Amerika Ovozi": Qatnashchilarni qanday tanlaysiz? Hukumatlar tanlab beradimi yoki o’zingiz tanlov o’tkazasizmi?

Jon Okif: Bu soha va mamlakatlarga bog’liq. Deylik, Rossiyada sudyalar kengashi bizga murojaat qilib, o’z nomzodlarini beradi. Biz bu nomzodlar nimaga qiziqishiga qarab, ularga bu yerda malaka oshirishi uchun joy topamiz. Ba’zida taklif Amerikada asoslangan xalqaro tashkilotlardan keladi. Ular o’zlari ishlayotgan mamlakatda muayyan soha egalariga yordam berishni so’raydi. Hukumatlarning o’zlari ham taklif kiritadi. Nohukumat tashkilotlar madad so’raydi. Vaziyatga qarab ish ko’ramiz. San’atkorlar va madaniyat arboblari deysizmi, dehqonu-fermerlar… Safarlarni uyushtirishda albatta elchixonalarimiz bilan yaqindan ishlaymiz, ular bilan maslahatlashamiz.

"Amerika Ovozi": Okif janoblari, deylik, men yosh mutaxassisman va Amerikaga kelib malaka oshirmoqchiman. Bu programmada ishtirok etish uchun nima qilishim kerak?

Jon Okif: AQSh elchixonasiga murojaat qilib, bizning dasturimiz haqida so’rang. Masalan, siz jurnalistsiz yoki bloggersiz, internetga yozasiz. Ijodingizdan namuna bering. Elchixona uni bizga uzatadi. Sizga o’xshagan bir necha professionaldan iborat guruh tuzilib, safar tashkil qilinadi. Ingliz tilini bilishingiz shart emas. Tarjimon beramiz. Masalan yaqinda Tojikistondan qishloq maktablaridagi o’qituvchilarni olib keldik. Biz poytaxtlar emas, asosan viloyat va tumanlarga ko’maklashsak deymiz. Mehmonlarni bu yerda Vashington yoki Nyu-Yorkka emas, Amerikaning boshqa shtat va shaharlariga olib boramiz. Mamlakat haqida kengroq ma’lumot olishsin deymiz. Poytaxtni bir kun aylantiramizda, keyin mezbonlar tomon kuzatamiz, ya’ni ular bilan tanishib, hamkorlikni qilishni istagan maskanlarga. Ular esa Amerikaning istagan burchagida bo’lishi mumkin. Mehmonlar oilalar bilan turib, bu yerdagi hayotni yaqindan ko’rishadi. Ayova, Oregon, Viskonsin va hokazo.

"Amerika Ovozi": Markaziy Osiyo bo’ylab O’zbekistondan tashqari hamma mamlakatlardan mutaxassislar olib kelasiz. Yaqin orada O’zbekistondan ham delegatsiya kutsak bo’ladimi?

Jon Okif: Yaqinda men O’zbekiston Senatida Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Sodiq Safoyevga maktub yozdim. Hamkorlik taklif qildim. Kongress a’zolari buni bir ovozdan olqishlaydi va umid qilamizki, O’zbekistondan ijobiy javob olamiz.

"Amerika Ovozi": Dastur qatnashchilari, mehmonlar va mezbonlar, uzoq muddatda nima foyda ko’radi deb o’ylaysiz? To’g’ri, vatanga yangicha qarash, bilim bilan qaytishar, lekin safarning amaliy ta’siri bo’ladi deb ayta olasizmi?

Ochiq Dunyo Yetakchilik Dasturi O'zbekistonda ham ishlash niyatida

Jon Okif: Bizningcha, ikki muhim ta’siri bor. Ikki xalq vakillari bir-biri bilan ham shaxsiy, ham professional doirada tanishadi. Masalan bir davlat qonun chiqaruvchisi kelib, Amerikadagi qonunchining oilasida yashab ketadi. Qatnashchilar hamisha bundan mamnun ekanliklarini aytishadi, chunki asl hayotni ko’rishadi. Ishga kelganda esa, qatnashchi uning amerikalik hamkasbi qanday ishlashini ko’radi. Uslubdan tortib, muammolarga qarshi qanday choralar ko’rayotgani bilan tanishadi. Vatanga yangicha ruh, ilhom bilan qaytishayotganini ko’ramiz. Bizning mutaxassislar ham ulardan ko’p narsani o’rganishadi. Fikr-tajriba almashish har ikki tomonga birdek foyda keltiradi. Hamkorlik yo’lga qo’yiladi. Masalan Tojikistonda Kolorado shtatilik korxona bilan hamkorlikda internet kafe ochishdi. Gruziyada bolalar salomatligi yo’lida yangi loyiha… Qozog’istonlik faollar Alabama shtatidagi hamkorlar bilan yoshlar tashkilotlarini rivojlantirmoqda. Bilasizmi, turli jamiyatlardan chiqqan professionallar bir joyga yig’ilganda, yangi g’oyalar paydo bo’ladi, yangi rejalar tuziladi. Bunga qayta-qayta guvoh bo’lamiz. Bilim, tajriba butun insoniyatga xos boylik. Bir-birimizdan qancha o’rgansak shuncha kam.

"Amerika Ovozi": Amerikaning programmasi ko’p, bu ham “erkinlik va demokratiya targ’ibotining bir qismi, propaganda quroli” deb shubhalanayotganlarga nima deysiz?

Jon Okif: Biz, boshida aytganimdek, biror g’oya yoki mafkurani targ’ib qilmaymiz. Dasturimizni xalq diplomatiyasi deb ta’riflash mumkin, lekin amaldagi siyosat bilan ishimiz yo’q. Maqsad jamiyatning tayanchi, kelajagi bo’lmish mutaxassislar uchun ko’prik vazifasini o’tash, ular uchun imkoniyatlar maydonini kengaytirish.