Tolibon harakati ichida ziddiyatlar borligi tobora ayonlashmoqda. Tolibon yetakchilari va Afg’oniston rasmiylari yaqinda Xitoyda uchrashgan, biroq jangarilar buni inkor etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Pokistonning milliy xavfsizlik masalalari boyicha maslahatchisi Sartoj Aziz Afg’oniston hukumati va Tolibon vakillari o’tgan oy Xitoyda uchrashganini tasdiqlamoqda. Tinchlik muloqotini boshlash imkoniyatini muhokama qilish uchun ular yaqin orada yana ko’rishadi.
Sartoj Aziz bu haqda parlamentda so’zladi. Uning aytishicha, Islomobod muzokaralarni Xitoyning Urumchi shahrida tashkillashtirgan. Kelasi so’zlashuvlarda jiddiy siljish yuz beradi, deydi rasmiy, ammo uchrashuv qayerda va qachon bo’lib o’tishini aytmadi.
Tolibonning bildirishicha esa muzokarada qatnashganlar harakat vakillari emas va rahbariyat Xitoydagi uchrashuvga ruxsat bermagan.
Pokiston parlamenti a’zosi Avas Ahmad Legariyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Islomobod Tolibonni to’la nazorat qiladi degan iddaolar asossiz, ularni muzokaraga jalb etish nihoyatda qiyin vazifa.
“Tolibon bilan aloqalarimiz tarixini inobatga olgan holda G’arb mamlakatlari ham, afg’onlarning o’zi ham bu so’zlashuvlarga katta umid bilan qaramoqda”, - deydi qonunchi.
Tolibonning kuchga to’lishi va 1990-yillarda Afg’onistonda hokimiyatga kelishiga Pokiston harbiylari sababchi bo’lgani taxmin qilinadi. Pokiston o’sha paytda Tolibon bilan diplomatik aloqalar o’rnatgan uch davlatdan biri edi. Afg’oniston va G’arb razvedka xizmatlari ma’lumotiga ko’ra, Pokiston 2001-yilda Tolibon hokimiyatdan ag’darilganidan keyin ham ular bilan aloqani uzmagan.
Ahmad Legariyga ko’ra, Pokiston mojaroga chek qo’yish uchun yetarli chora ko’rmayapti, deydiganlar aslida Islomobod-Kobul o’rtasidagi munosabatlar rivojlanishini ko’rolmaydi. Bosh vazir Navoz Sharif va Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani bunday iddaolarning qo’shnichilik rishtalariga soya solishiga yo’l qo’ymaydi, deydi u.
Yillar davom etgan o’zaro shubha va ginalardan so’ng Prezident G’ani Islomobod bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilmoqda. Aynan shu sa’y-harakatlar toliblar bilan muzokaraga yo’l ochayapti.
Tolibon rahbariyati so’nggi paytlarda Afg’oniston qonunchilari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda BMT rasmiylari bilan Qatar, Norvegiya va Birlashgan Arab Amirliklarida uchrashganini tasdiqlasa-da, Xitoydagi uchrashuvni sharhlamadi.
Tinchlik jarayonini anchadan buyon kuzatib kelayotgan professor Farux Azamning qayd etishicha, jiddiy muzokara boshlanishidan oldin har ikki tomon ustunlikni qo’lga olishga harakat qilayapti. Bu tabiiy.
Lekin afg’onlar mintaqaviy va xalqaro vositachilarga tayanmasdan o’zlari hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishmas ekan, bu raqobat davom etaveradi, deydi u.
O’n to’rt yil ilgari AQSh Afg’onistonga bostirib kirganida Tolibon rahbarlari va jangchilarining ko’pi Pokistonga qochgan edi. Vaqt o’tishi bilan, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan rasmiylar, Pokiston hukumatining ularga so’zi o’tmay qolgan. Chunki Afg’onistonda Tolibondan mustaqil, bu harakat bilan hisoblashmaydigan qo’mondonlar paydo bo’lgan.
Afg’on rasmiylari so’nggi oylarda mamlakatga 7 ming xorijiy jangari kirgani haqida xabar berdi. Bu qo’shni davlatda Tolibonga qarshi olib borilayotgan harbiy kampaniya natijasidir.