Pokiston janubi yana toshqin xavfi bilan yuzlashar ekan, hukumat 400 ming odamni ko’chirish harakatida. Hind daryosi o’zanidan chiqa boshlagan va Sujaval, Mir Pur Batoro, Daro shaharlarini suv bosishi mumkin. Pokistonda bir oy tinmagan mavsumiy yomg’ir shu paytgacha, taxminan, 1600 odamni hayotdan olib ketgan.
Toshqindan qochgan fuqaro lagerlarda joylashmoqda. Bu manzillar to’lib bo’lgan. Yana 400 ming odamni sig’dirish, ularni suv, ovqat va ust-bosh bilan ta’minlash – Pokiston hukumati uchun katta sinov.
Qo’shma Shtatlar yordamni oshirishga tayyor, Pokiston tomoni so’rasa bas, deydi rasmiylar. General Maykl Nagata mazkur jarayon uchun mas’ul va Pokiston shimolida vaziyat juda og’ir, deydi. Yurt qayta oyoqqa turib olishi uchun ko’p va uzoq ishlash kerak bo’ladi. Hosildor dalalar, yo’llar, ko’priklar, binolar vayron bo’lgan.
General Nagataning aytishicha, Amerika samolyotlari Pokistonga 450 ming kilogram mahsulot yetkazgan. Suv bosgan yerlardan 6 ming kishi evakuatsiya qilingan.
“Pokiston hukumati va armiyasi qayerda yordam kerak ekanini ko’rsatsa, o’sha yerga borib ishlaymiz”, - deydi general. Hozir qutqaruv ishlari asosan Svot vodiysi va Ko’histonda olib borilmoqda.
AQSh tomonidan 15 vertolyot, ikki samolyot va 230 nafar zobit jalb qilingan. Yana to’rt vertolyot jo’natdik, deydi general Nagata. Joriy hafta Qo’shma Shtatlar uch harbiy kema safarbar etish niyatida.
Pokistonning eng sara pilotlari AQSh bilan hamkorlik qilmoqda. Ular Svot vodiysini yaxshi biladi, amerikalik mutaxassislarga yo’l-yo’riqni ko’rsatib turadi, deydi Nagata.