Pokiston: Tolibon bilan gaplashayotganimiz yo'q

  • Amerika Ovozi

Pokiston: Tolibon bilan gaplashayotganimiz yo'q

Pokiston Tolibon bilan muloqotga kirishganini inkor etmoqda. Tinchlik haqida so'z ochishdan oldin jangarilar qurollarini tashlashi lozim, deydi Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik.

Shanba kuni Pokistondagi toliblar rahbarining o'rinbosari deya ko'rilayotgan Maulvi Faqir Muhammad mahalliy jurnalistlar bilan aloqaga chiqib, hukumat bilan tinchlik bitimini imzolash arafasida ekanini bildirgan.

"Niyati xolisligini bildirish uchun rasmiy Islomobod bir necha jangarini hibsdan ozod etgan", - deydi Faqir Muhammad.

Biroq vazir Rahmon Malikning aytishicha, bunday gaplar asossiz, mahbuslar ozodlikka chiqarilmagan, Tolibon bilan muloqot yo'q.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy Afg'onistonda NATO kuchlari uchun yuk eltayotgan karvonlar yana bir necha kun Pokiston orqali o'tkazilmasligini bildirgan. Ta'minot yo'llari 26-noyabr kuni NATO havo hujumi oqibatida 24 askari halok bo'lgach, yopilgan edi.

G'iloniy Pokiston havo sarhadlari ham AQSh samolyotlari uchun yopilishi mumkinligini bildirdi.

"Ishonchga putur yetgan. Mamlakatlar munosabatlarini yaxshilab, bir-biriga ishonishni o'rganishi lozim", - deydi bosh vazir.