Pokiston parlamenti AQSh bilan hamkorlik kelishuvini qayta ko’rib chiqib, bir qanchashartlar qo’ymoqda.
Amerikaning uchuvchisiz samolyotlari Pokiston hududida parvoz qilishi man etiladi. NATO, Shimoliy Atlantika bloki, pokistonlik zobitlar hayotiga zomin bo’lgan hujum uchun kechirim so’rashi kerak bo’ladi.
Pokiston parlamentining milliy xavfsizlik qo’mitasi raisi Raza Rabboniy 14 bandli hujjatni taqdim etar ekan, AQSh bu mamlakat suverenitetini oyoq osti qilishiga ortiq chidab o’tirmaymiz, dedi.
“AQSh harbiylarining Pokistondagi faoliyatiga qayta baho berish vaqti keldi”, - deya senator uch talab qo’ydi.
AQSh, Pokiston va NATO hamkorligiga doir yangi hujjatda maxfiy operatsiyalar ham man etilgan. Xususiy kontraktor firmalari va razvedkachi agentlar Pokistonga qo’yilmaydi, deyiladi tavsiyanomada.
Qo’shma Shtatlar rasmiy Islomobod bilan do’stona aloqalar tiklanishini istaydi. 2014-yilda Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqish uchun ta’minot yo’llari kerak unga. Ammo al-Qoida va Tolibonnning Pokistondagi bazalarini havodan nishonga olishda davom etamiz, deydi harbiylar. Ushbu missiya Pokiston razvedkasining roziligi bilan amalga oshirilayotgani aytiladi.
Pokistonlik qonunchilarning yana bir talabi – AQSh o’tgan yilning noyabrida, Afg’oniston bilan chegarada NATO hujumida 24 zobitning o’limi uchun kechirim so’rashi kerak. Vashington nazarida fojiada har ikki tarafning xatosi bo’lgan, uzr so’rashga hojat yo’q.
Hamkorlikning yangi shartlarini tuzishga barcha siyosiy partiyalar, jumladan muxolifat va qurolli kuchlar ham hissa qo’shgani ma’lum.
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy so’zlariga ko’ra, xavfsizlik va milliy manfaatlarga kelganda mamlakat birlasha olishini namoyish etmoqda.
Uning aytishicha, bundan buyon AQSh bilan hamkorlik parlament qo’yayotgan talablar asosida yuritiladi. Vashingtonning pozitsiyasi shuki, suverenitet va xavfsizlik ehtiyojlari o’rtasida muvozanat bo’lishi kerak.