Falastin: AQSh bizni BMTning to'laqonli a'zosi sifatida tan olishi kerak

  • Amerika Ovozi

AQShning Yaqin Sharq bo'yicha elchisi Jorj Mitchell (chapda) va Soib Erekat

Isroil G'arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda qurilishlarni davom ettirib, tinchlik muzokaralariga to'g'anoqlar qo'yar ekan, deydi Falastin rasmiylari, BMT uni mustaqil davlat sifatida tan olishi va AQSh bu qarorga to'siq qo'ymasligi kerak.

Falastinliklar Isroil bilan tinchlik muzokaralari samara bermasa, Qo'shma Shtatlar BMTning Falastin davlatini tan olish qarorini qo'llab-quvvatlashi kerak, demoqda. Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekat Vashingtonda bo'lib, mavzu bo'yicha mulohazalarini bildirgan.

Isroil Quddus sharqida qurilishlarni davom ettirar ekan, falastinliklar bu tinchlik muzokaralariga zarar deb, BMTdan Falastinni mustaqil davlati sifatida tan olishni so'ramoqchi.

Soib Erekat prezident Obamaning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida qilgan ma'ruzasiga ishora qilib, AQSh rahbari bu taklifni qo'llab-quvvatlashi kerak, deydi. Biroq mavzu AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell bilan uchrashuv chog'ida ko'tarilmagan, deydi Erekat.

"AQSh rasmiylariga bu haqda hali og'iz ochganimiz yo'q, ammo Xavfsizlik Kengashiga bizni BMTga to'liq a'zo sifatida qabul qilishni so'rab murojaat etganimizda, Qo'shma Shtatlar qarshi chiqmaydi, degan umiddamiz".

Falastin Birlashgan Millatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega bo'lib, ovoz berish huquqidan mahrum.

Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, AQSh tinchlik jarayonidan tashqarida amalga oshirilgan bir tomonlama harakatlarga qarshi.

Isroil G'arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda sentabr oyida qaytadan jonlangan qurilishlarni to'xtatmas ekan, muloqot qilmaymiz, deydi Falastin rasmiylari. Arablar 1967-yilgi urushda tortib olingan bu yerlarni bo'lajak Falastin davlatining bir bo'lagi deb ko'radi. Erekatning aytishicha, AQSh rasmiylari Isroilni ko'ndirishga 2-3 hafta kerak, deb uni ishontirgan.

"Posyolkalar yoki tinchlik - Netanyaxu birini tanlashi kerak. Har ikkisiga egalik qilolmaydi", - deydi Erekat Isroil bosh vaziriga ishora qilib.

Falastin muzokarachisi Kongressga saylovlarda respublikachilarning g'alaba qozongani Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga jiddiy ta'sir ko'rsatmaydi, deydi. Ba'zi tahlilchilar nazarida konservativ respublikachilar Obama ma'muriyatidan tashqi siyosatdan ko'ra iqtisodiyot bilan ko'proq shug'ullanishni talab qilishi mumkin.