Falastin davlatiga doir strategiya shu hafta e'lon qilinadi

  • Amerika Ovozi

Mahmud Abbosning shikoyati: Falastin o’z taqdirini o’nlab yillardan beri Isroil bilan muhokama qilib keladiyu natijadan darak yo’q

Isroil Falastin muxtoriyatini davlatchilik masalasini BMT muhokamasiga olib chiqmaslikka undamoqda.

“Biz bilan hisoblashmay turib, davlat yaratishni xayolga keltirmang”, - deydi Isroil rasmiylari.

Falastinning muhim tayanchi, o’rtada vositachi Amerika diplomatlari ham Quddus va Ramalloh o’rtasida borib-kelmoqda.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman fikricha, Falastin muxtoriyatining xatti-harakati ayanchli oqibatlarga yetaklashi mumkin.

“Qo’rqitmoqchi emasman, lekin shuni aytishim mumkinki, Falastin o’zini davlat deb topsa, oxiri yaxshi bo’lmaydi. Shungacha bormaydi degan umiddaman”, - deydi Liberman.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton Shu hafta Yaqin Sharqqa ikki elchisini jo’natib, Isroil-Falastin tinchlik muzokarasini qayta jonlantirish umidida.

“Mintaqada tinchlik qaror topishi uchun yagona yechim bu”, - deydi Klinton. “Masalani Nyu-Yorkda emas, Quddus va Ramallohdagina hal qilish mumkin”, - deydi u.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashuvdan keyin bugun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan gaplashgan. Amerika diplomatlari ham bugun, chorshanba Netanyaxu qabulida bo’ladi.

Falastin davlatchiligi masalasi 22 yoki 23-sentabrda BMT Xavfsizlik Kengashi yig’inida ko’riladi

Mahmud Abbos Falastin davlatini yaratishga doir strategiyasini juma kuni e’lon qiladi.

Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyip Erdog’an kecha Misrda arab dunyosi vazirlari oldida so’zlab, Falastin davlatini qo’llab-quvvatlashini aytgan. “Bu himmat emas, balki oldimizda turgan majburiyatdir”, - dedi Erdog’an.

Mahmud Abbosning aytishicha, Falastin o’z taqdirini o’nlab yillardan beri Isroil bilan muhokama qilib keladiyu natijadan darak yo’q.

Abbos ma’muriyati va xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramasdan, Isroil Falastin ko’z ostiga olib qo’ygan hududda yahudiylar uchun imoratlar qurishda davom etavergach, muxtoriyat muzokaraga qo’l siltadi.

Biroq Falastin har yili Qo’shma Shtatlardan millionlab dollar yordam oladi. Muxtoriyat davlatchilik haqidagi talabidan kechmay, BMTga chiqsa, Amerika Kongressi madadni kesishi ehtimoldan xoli emas.

BMT Bosh Assambleyasi majlisi 21-sentabrda ish boshlaydi. Falastin davlatchiligi masalasi 22 yoki 23-sentabrda BMT Xavfsizlik Kengashi yig’inida ko’riladi.