Falastin rahbarlari “2008-2009 yillarda Isroil bilan maxfiy kelishuvga erishish uchun harakat qilgan emasmiz” deb chiqmoqda.
Al-Jazira telekanali qo’lga kiritgan hujjatlarda Falastin tomoni Isroil 1967 yilda bosib olgan yerlarning katta qismidan voz kechishga tayyor bo’lgani haqida gap ketadi.
Ramallohda Isroilga qarshi namoyishlar avj olib, yahudiy davlatiga la’natlar aytilmoqda, uning bayrog’i yoqilgan.
Jurnalistlar qo’lidagi maxfiy yozishmalarda Falastin, Amerika va Isroil diplomatlari arab qochqinlar va Quddus taqdiri xususida murosa qilishga uringani aks etadi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos Misrga tashrifi chog’ida “bu ma’lumotlar olamshumul yangilik emas”, - dedi.
"Bu hujjatlarda juda ko’p masalalar haqida so’z yuritiladi. Ular mohiyatini tushunish kerak. Biz hech kimdan biror narsani yashirayotganimiz yo’q. Muzokaralar, murosa yo’lini izlash jarayonida nimalar haqida gap ketmaydi deysiz. Arab hamjamiyatidan biror narsani sir tutmaymiz. Barcha davlatlar bizning masalamiz qanchalik chigal ekanini biladi”,- deydi Mahmud Abbos.
Al-Jazira qo’lidagi hujjatlarda aytilishicha, Falastin al-Aqsa masjidi joylashgan hududni vaqtincha xalqaro nazorat ostiga o’tishiga rozi bo’lgan. Shuningdek, Isroilga har yili 10 ming qochqinni qabul qiling degan taklif bilan chiqqan. Lekin omma oldida gapirganida Falastin rahbarlari umuman boshqa gaplar aytgan. Al-Jazira telekanalining yoritishicha, Isroil Falastin takliflariga ko’nmagan. Isroilning arab fuqarolarini Falastinga ko’chirish haqida ham so’zlashilgan.
Arab tahlilchi Mahdi Abdul Hadi fikricha, bu ma’lumotlarning fosh etilishi Isroil-Falastin mojarosini hal etish yo’lida yangi to’siqlar qo’yadi. O’zi shu yetmay turgan edi, deydi ekspert.
Amerika rasmiylari bu hujjatlar ahamiyati borasida Falastin bilan bir fikrda, ya’ni tinchlikka erishish uchun turli yo’llar izlanayapti, g’oya va takliflar bilan chiqilmoqda. Tomonlar ochiq gaplashishi kerak.
Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Nosir Juda deydiki, o’tgan gaplarni bugun yangilab, kim nima degan deb dod-voy solishdan foyda yo’q. Amalga oshmadimi, demak bu takliflar tomonlarga ma’qul kelmagan.
Kelajak haqida, yangi yo’llar haqida o’ylash kerak, deydi u, eski hujjatlarni chetga surishga undar ekan.
Al-Jazira telekanali esa yaqin kunlarda yana ko’plab hujjatlar fosh etiladi deya ogohlantirmoqda. Ular asosan Amerika-Isroil aloqalari haqida, deydi muxbirlar.