Falastin g’aznasi bo’shab borayapti

  • Amerika Ovozi

Falastin Moliya vaziri Nabil Kassis, Yaqin Sharq bo'yicha xalqaro to'rtlik vakili Toni Bleyer. Nyu-York, 23-sentabr, 2012-yil.

Falastin moliya vazirining aytishicha, muxtoriyat byudjet tanazzuliga zudlik bilan yechim topmasa, Isroil-Falastin ziddiyati hal bo’lishi gumon.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish



Nabil Kassis Nyu-Yorkda donor davlatlar oldida so’zlab, muxtoriyat oyoqda turishi va mustaqil davlat poydevorini qurishi uchun mablag’ zarur, dedi.

Uning aytishicha, donorlar, xususan, Amerika va’da qilgan 300 million dollardan umid katta.

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi Falastin Muxtoriyati oldida turgan jiddiy moliyaviy muammolar haqida ogohlantirib keladi.

400 million dollar byudjet kamomadi haqida gap ketmoqda va iqtisodiy ahvol tobora og’irlashib borayapti. Ijtimoiy norozilik kuchli, yirik chiqishlar keng tus olishi ehtimoldan xolis emas, deyiladi hisobotda.

Jahon banki xulosasiga ko’ra, Isroil bosib olgan hududlarda cheklovlar olib tashlanmasa, Falastin taraqqiy etishi gumon.

G'arbiy sohil, Ramalloh shahri, 2012-yilning sentabri.


G'arbiy sohilda qimmatchilikdan to'ygan odamlar shu kunlarda e'tirozini yashirmay, bosh ko'tardi.

Ayniqsa, benzin o'ta qimmatlagani aytiladi.

Donorlar yordami vaqtida yetib bormasa, hukumat maoshlar va pensiyalarni qisqartirishga majbur bo'ladi.

Bu esa aholi orasida g'azab hissini yanada kuchaytirishi aniq, deydi Jahon banki mutaxassislari.