Pentagon: Manas yopiladi, Ruminiyada yangi baza

Pentagon, Virjiniya shtati

Qirg'izistondagi Manas tranzit markazi 2014-yilning iyuligacha yopilib, AQSh harbiylari va yuk Ruminiyadagi yangi obyekt orqali tashiladi.

Bugun Pentagonda uchrashgan AQSh va Ruminiya mudofaa vazirlari Chak Xeygl va Mircha Dusha anchadan beri parda ortida ketayotgan muzokaraga yakun yasab, strategik kelishuvga erishdi.

Birinchidan, Amerika Afg'onistondan qo'shinlarni olib chiqar ekan, bu mamlakatdagi bazadan foydalanadi.

Qirg'izistondagi Manas tranzit markazi yopiladi. AQSh harbiylari va yuk Ruminiyadagi yangi obyekt orqali tashiladi. Mixail Kogalnichianu (Mihail Kogălniceanu) nomli aeroportdagi inshoot haqida gap ketmoqda.

AQSh Mudofaa vazirligining 18-oktabr kuni bayon qilishicha, Manasdan chiqish ishlari boshlangan, va 2014-yilning iyuligacha bu jarayon tugatiladi. Inshoot Qirg'iziston hukumatiga qaytariladi.

Manasdan 12 yildan beri foydalanib kelgan Amerika Bishkekka bu borada minnatdorchilik bildirib, Qirg'iziston xalqiga rahmat aytmoqda.

Baza uchun yiliga 60 million dollar to'lanib kelgan. Iqtisodi zaif bo'lgan respublika uchun bu katta daromad manbai.

Bazani yonilg'i bilan ta'minlagan mahalliy kompaniyalar va ular ortida turgan siyosatchilar va tadbirkorlar millionlab dollar foyda ko'rib kelgan.

Bu bizneslarning hukumat bilan amalga oshirgan qora ishlari ("Manas ishi") 2010-yilda AQSh Kongressi tomonidan tekshirilgan va Pentagonga qator yangi talablar qo'yilgan edi.

Manas Afg'onistondagi urushda muhim ahamiyatga ega. Bu yerdan yiliga minglab askar olib o'tiladi, AQShning 3000 harbiysi joylashtirilgan. Mahalliy ishchilar soni 1000 dan ziyod.

Baza yopilishi Qirg'iziston bilan hamkorlik to'xtaydi degani emas, deydi Vashington rasmiylari. Obama ma'muriyati nazarida, respublika demokratik jihatdan mintaqada yetakchi davlat va unga bu borada hamda iqtisodiy sohada yordam davom etadi.

Ikkinchidan, Vashington Ruminiyada raketa hujumlaridan himoya qiluvchi tizimlar o'rnatadi. NATO doirasida bu o'ta muhim qadam sifatida talqin qilinmoqda.

Amerika, shuningdek, Ruminiya Portugaliyadan 12 F-16 rusumidagi samolyotlar sotib olayotganidan mamnun. Bunday yuksak texnologiyaga ega bo'lish hamkor davlatlar qudratini mustahkamlaydi, deydi AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl.

Obama ma'muriyati Buxarestni yaqin ittifoqchi deb hisoblaydi va shu tariqa uning NATOdagi rolini ko'tarishda yordamlashmoqda.

Pentagon yuqorida tilga olingan hamkorlik uchun Ruminiyaga qancha to'lashi haqida hali ma'lumot yo'q.

Manasni yopib, yangi joydan baza ochilayotgani Vashingtondan Qirg'izistonga jiddiy signal. Bishkek harbiy inshoot tijoriy savdo uchun moslashtirilsin deya undayotgan edi. Qirg'iziston hukumati Amerika bilan harbiy hamkorlikni bekor qiluvchi hujjatlar qabul qilgan.

Lekin Obama ma'muriyati prezident Almazbek Atambayevning takliflariga qiziqish bildirmadi va ijara muddati uzaytirilmaydigan bo'lsa, harbiy kuchlarni u yerdan batamom olib chiqishni ma'qul topdi.

Siyosatdonlar tahlilicha, Bishkek qarorlari ortida Rossiya turibdi. AQShga Manasni tark et deb aslida Bishkek emas, Kreml aytmoqda, va Atambayev uchun unga bosh egmasdan iloj yo'q, deydi ekspertlar.

Amerikaning Markaziy Osiyodagi yagona bazasi yopilishi bilan mintaqada faqat Rossiya harbiylari hukmron bo'ladi. Bu davlat Qirg'iziston va Tojikistonda katta inshootlarga ega.

O'zbekistonning Termez shahridagi aeroportidan Germaniya foydalanib keladi va Afg'onistondagi urush nihoyasiga yetar ekan, ya'ni nemis qo'shinlari olib chiqilgach, bu hamkorlik ham to'xtatishi kutilmoqda.


AQSh va Ruminiya mudofaa rasmiylari muloqotda, Pentagon, 18-oktabr, 2013