Vagnerchilarning Moskva tomon yurishi o'yinmidi yoki haqiqiy isyon?

  • Amerika Ovozi

Rossiyada amalga oshmagan isyon ketidan vaziyat o’z holiga qaytmoqda. Rasmiy manbalarga ko’ra, “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining Moskva tomon yurishidan bosh tortgan jangchilari Mudofaa vazirligi bilan shartnomaga kiradi, ularning yetakchisi Yevgeniy Prigojin esa qo’shni Belarusga chiqib ketishi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 26-iyun, 2023-yil

Poytaxtgacha 200 kilometr qolganda vagnerchilar chekinishga qaror qildi.

Mudofaa vazirligini noprofessionallikda ayblagan Prigojin isyonga barham berish maqsadida vositachilik vazifasini bajargan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokara paytida Prezident Vladimir Putin bilan uchrashish yoki Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovni ishdan olish talabini qo’ymagani aytiladi. Garchi isyondan asosiy maqsad Prigojin layoqatsizlikda ayblagan harbiy rahbarlarni tartibga chaqirish deya e’lon qilingan bo’lsa-da.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qo’shma Shtatlar vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirdi.

“Rossiyaning bu urushi, bu bosqini yolg’on bahonalar bilan boshlangani, Ukraina yoki NATO Rossiyaga tahdid bo’lib, unga qarshi harbiy chora ko’rish kerakligi haqidagi gaplarning yolg’on bo’lgani yuzaga chiqdi. Buning oqibatlari qanday bo’lishini hozircha bilmaymiz”, - dedi u.

Blinken Qo’shma Shtatlar Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etishini aytdi.

“Ruslarning chalg’igani va bo’lingani Ukrainaga qarshi bosqinni ular uchun qiyinlashtirishi mumkin. Biroq boshqa tarafdan Rossiyadek yirik mamlakatda beqarorlikning yuzaga kelishi xavotirga sababdir”, - dedi Blinken.

“Vagnerchilarni jazolash fikridan qaytish bilan Putin obro’sini saqlab qoldi, deydi amerikalik tahlilchi Marina Mayron.

“Katta qon to’kilishlarining oldi olindi. Putin bu vaziyatda nima qilishni, sahna ortida turib vaziyatdan qanday chiqishni uddaladi”, - deydi u.

Ba’zilar bo’lgan voqeani katta o’yin deya ko’rmoqda. Iste’fodagi britan generali Richard Dannatning aytishicha, Prigojin endi Belarusdan turib Ukrainaga qarshi urushda qatnashishi mumkin.

“Agar u Belarusga borib, atrofida mohir jangovar kuch bo’lsa, u holda Prigojin Ukrainaning Kiyevga eng yaqin bo’lgan qanotiga yana xavf tug’dirishi mumkin”, - deydi Britaniya qurolli kuchlari bosh shtabining sobiq rahbari.

Dannat Ukraina xushyor bo’lishi kerak, deydi.

Isyondan beri ilk bor jamoatchilikka ko’ringan Mudofaa vaziri Shoygu bugun armiyaning G’arbiy gruppirovkasi qo’mondonlik shtabiga borib, general-polkovnik Yevgeniy Nikiforovning yangi zaxira kuchlari tuzilgani haqidagi hisobotini tingladi. Vazirlik tarqatgan videoda Shoygu izoh bermagan.

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin mamlakat barqarorligiga tahdid bilan yuzlashganini aytib, vatandoshlarini Prezident Putin atrofida birlashishga chaqirdi.

"Bunday vaziyatda eng muhimi mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini, fuqarolarimiz xavfsizligi va farovonligini ta’minlash”, - dedi u.

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak uning mamlakati Rossiyadagi ehtimoliy beqarorlikdan kelib chiquvchi ziddiyatlar oqibatlarining turli ssenariylariga tayyor bo’lganini aytdi.

"Buning oqibatlari qanday bo’lishini aytishga erta hali, ammo biz har qanday ssenariyga tayyormiz”, - dedi Sunak.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg nazarida, vagnerchilarning isyoni Kremlning Ukrainada urush boshlash qarorining strategik xato bo’lganini ko’rsatdi.

"Dam olish kunlaridagi voqealarni Rossiyaning ichki ishi deb bilamiz. Qrimni noqonuniy anneksiya qilgan va Ukrainaga qarshi urush boshlagan Prezident Putinning strategik xatosining yana bir isboti hamdir”, - dedi Stoltenberg Litva poytaxti Vilnyusda muxbirlar bilan muloqot chog’ida.

Litvada NATOning 5000 ga yaqin qo’shini Germaniya qo’mondonligi ostida harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ham “Vagner” guruhi bilan bog’liq hodisani Rossiyaning ichki ishi deb atadi. Vazirlik so’zlovchisi Mao Nin Rossiya va Xitoy rahbarlarining dam olish kunlaridagi telefon muloqotini izohlamadi, Rossiya o’z milliy barqarorligini saqlab qolishga qodir ekanini aytdi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel ham bo’lgan voqeani izohlarkan, Rossiya siyosiy tizimining mo’rtligi unga sabab bo’lganini, harbiy qudrati darz ketayotganini aytdi.

Borrel va ittifoqqa a’zo 27 davlat tashqi ishlar vazirlari tashkilotning Lyuksemburgdagi majlisida qatnashmoqda. Bugun vazirlar Ukrainaga harbiy yordam ajratuvchi jamg’arma hajmini 3,5 milliard yevroga oshirishga kelishib, uni 12 milliard dollargacha ko’tardi.

Prigojin bugun Moskvaga yurishni izohlab, davlat to'ntarishini amalga oshirishga, qon to'kishga niyati bo'lmaganini, Ukrainada urush qanday olib borilayotganiga norozilik bildirishga qaratilganini aytdi.

Prigojinga ko'ra, uning qismlari dunyodagi eng mohir jangchilardir, Mudofaa vazirligi kuchlari esa samarasiz harakatlanmoqda va buni ularning 2022-yil 24-fevralda Kiyevni zabt eta olmaganidan bilsa bo'ladi.

"Vagnerchilarning Rostov-Donni qonsiz bir kunda ishg'ol qilgani bunga misoldir, deydi u.

"Biz master-klass ko'rsatdik. 2022-yil 24-fevralida aynan shunday bo'lishi kerak edi. Bizda amaldagi rejimni va qonuniy saylangan hukumatni ag'darish rejasi yo'q edi", - dedi u.

Prigojin Mudofaa vazirligi "Vagner" harbiy lagerini havodan nishonga olib, 30 ga yaqin jangchisini o'ldirganidan so'ng "adolat marshi"ga otlanganini, Moskvaga yurish chog'ida "vagnerchilar kolonnasiga hujum qilgan vertolyotlarni urib tushirishga majbur bo'lishganini aytdi.

Vazirlik isyonga sabab bo'lgan hujum haqidagi da'volarning yolg'on ekanini ta'kidlagan.

Prigojin, shuningdek, mamlakatdagi barcha xususiy harbiy kompaniyalar 1-iyulgacha Mudofaa vazirligi boshqaruviga o'tishi kerakligi haqidagi qoidaga e'tiroz bildirdi.

"Biz "Vagner"ni yo'q qilishga qaratilgan harakatga qarshi yurish qildik", - dedi u.