Putin Ukrainaning bo'lginchi hududlari mustaqilligini tan oldi. G'arb sanksiyalar qo'llamoqchi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Davlat Dumasi hamda Ukraina sharqidagi ikki bo’lginchi hudud rahbarlarining murojaati ketidan o’zini Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi deb atovchi hududlarni mustaqil deb tan oldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 22-fevral, 2022-yil

Putin Rossiya xalqiga salkam bir soatlik murojaatida ushbu qarorini asoslab berdi. Unga ko’ra, Kiyevda neonatsistlar bosh ko’tarmoqda, hokimiyat oligarxlar qo’liga o’tgan, Ukraina hukumati G‘arbning qo’g’irchog’iga aylangan. Putinning aytishicha, Ukraina qadimdan rus zamini bo’lib, 1917-yilgi rus inqilobi natijasida respublika maqomiga erishgan. Hozirgi tuzum, deydi Putin, Donbassda rus tili va rusiyzabon aholi xavfsizligiga tahdid solmoqda.

Rossiya prezidenti Donbass aholisini himoya qilish uchun hududga tinchlikparvar qo’shinlar kiritilishini bildirdi.

"Kiyevda hokimiyatni egallab olganlardan harbiy harakatlarni to’xtatishni zudlik bilan talab qilamiz”, - dedi u.

Putin roppa-rosa 8 yil oldin, 2014-yilda Ukrainadagi davlat to’ntarishi ketidan Odessa shahrida namoyish qilgan odamlarni binoga qamab, tiriklayin yoqib o’ldirgan odamlar jazosiz qolganini, ularning kimligini bilishini aytib, ularni jazolashga so’z berdi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya Xavfsizlik Kengashidagi favqulodda majlisda Putinning bo’lginchi hududlar mustaqilligini tan olish qarorini himoya qildi. Unga ko’ra, Ukraina Donbassga qo’shin kiritmoqchi bo’lgan va Rossiya u yerda qon to’kilishlarining oldini oldi, G’arb esa o’ylab harakat qilishi, Ukrainadagi vaziyatni yanada yomonlashtirmasligi kerak.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Rossiyaning Ukraina sharqiga tinchlikparvar qo’shinlarni yuborish qarorini qoralab, uning mamlakati bunga qo’shimcha sanksiyalar bilan javob berishini aytdi.

“Putin bu hududlarga qo’shin yuborishini aytdi, ularni “tinchlikparvar askarlar” deb atayapti. Bu mutlaqo bema’nilik. Ularning kimligini yaxshi bilamiz”, - dedi Amerika diplomati.

AQSh nazarida, Putin urush boshlashga bahona tariqasida bo’lginchi hududlarni tan olgan.

Donetsk aholisi Putin qarorini olqishlamoqda, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya bilan diplomatik aloqalar uzilishiga ishora qildi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining favqulodda majlisi ketidan Zelenskiy xalqqa murojaat qilib, Rossiya Ukraina hududiy birligi va suverenitetini poymol qilganini aytdi.

“Istilodagi Donetsk va Lugansk oblastlari mustaqilligining tan olinishi Rossiyaning Minsk kelishuvlaridan bir tomonlama chiqishini va normand formatida qabul qilingan qarorlarni inkor etishini anglatadi. Rossiya bu qarori bilan Donbassning istilodagi hududlarida 2014-yildan beri harakatlangan qo'shinlarini qonuniylashtirdi”, - dedi u.

Zelenskiy Fransiya, Germaniya, AQSh, Britaniya va Yevropa Kengashi rahbarlari bilan vaziyatni muhokama qilganini aytdi.

Xitoy barcha taraflarni bosiqlikka chaqirmoqda, Yaponiya hukumati Ukrainaga rus qo’shinlari kirgan taqdirda xalqaro sanksiyalarga qo’shilishini bildirdi. G’arb Kreml qarorini qoraladi, AQSh prezidenti esa Donbassdagi bo’lginchi hududlar bilan savdoni taqiqlovchi farmon imzoladi.

Zelenskiy G’arbni vaziyat yanada keskinlashini kutmasdan sanksiya joriy etishga chaqirmoqda. Xususan, Rossiyadan Germaniyaga gaz uzatish uchun qurilgan “Shimoliy oqim-2” quvurini yopishni talab qidi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning 27 nafar elchisi bugun Bryusselda to’planib, Rossiyani jazolovchi choralar xususida gaplashdi. Ba’zi davlatlar, xususan Boltiq bo’yi, Sharqiy va Markaziy Yevropadagi mamlakatlar keng qamrovli sanksiyalar qo’llash tarafdori. Boshqalari esa sanksiyalar cheklangan, Putinning Ukraina sharqidagi harakatlariga qarab kiritilishini istaydi. Avstriya, Vengriya, Italiya shular jumlasidan.

Italiya Bosh vaziri Mario Dragining aytishicha, Kreml bo’lginchi hududlarni tan olib, Ukraina suverenitetini buzgan.

Fransiya Moliya vaziri Bruno Le Mer sanksiyalar bosqichma-bosqich bo’lishini, Putinning harakatlariga qarab kuchaytirilishini aytdi.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Putin qarorini qoralab, Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar zudlik bilan joriy etilishini aytdi.

"Bu Birlashgan Qirollik sanksiyalarining birinchi bosqichi bo’ladi. Rossiya bundan keyin ham mantiqsiz xatti-harakatlarga qo’l urishidan xavotirdaman”, - dedi u.

Xususan, bugun Rossiyaning besh banki hamda uch fuqarosi qora ro’yxatga kiritildi. Gennadiy Timchenko, Igor Rotenberg va Boris Rotenberglarning Putinga yaqin tadbirkorlar ekani aytilmoqda.

Jonson bungacha rus kompaniyalarining dollar va funt sterlingda ish yuritishi cheklanishini, boyliklarini Londonda saqlayotgan rus oligarxlari nishonga olinishini aytgan edi.

Sovet Ittifoqi qulashi ketidan milliardlab dollar Rossiyadan Londonga va Britaniyaga tegishli hududlarga olib chiqilgan. Rossiya va sobiq sovet respublikalarining badavlat insonlari pullarini Londonda saqlashni afzal ko’rgan edi.

Germaniya Kansleri Olaf Sholsning bugun ma’lum qilishicha, “Shimoliy oqim-2” quvurining sertifikatsiyasi muzlatiladi. Busiz, deydi Shols, quvur ishga tushmaydi.

Germaniya ushbu loyiha orqali rus gazini to’g’ridan-to’g’ri olishga umid qilayotgan edi. Hozircha gaz Yevropaga Ukraina orqali uzatilmoqda. Germaniya iqtisodiyotining yarmi Rossiya yoqilg’isiga tobe.

Rossiya aholisi Putin qarorini qanday qabul qildi?

“Reyter” axborot agentligining Moskva ko’chalarida o’tkazgan so’rovnomasidan ma’lum bo’lishicha, aksariyat odam bunga ijobiy qaramoqda.

“Mamlakat mudofaasini kuchaytirib, AQSh va G’arbga moyil harbiy kuchlarni chegaralarimizdan haydashimiz kerak. Ular asrlar davomida Rossiyani zabt etishga intilmoqda”, - deydi Nikolay ismli moskvalik.

“G’arb bilan yana qancha o’ynashamiz? Javob berish vaqti keldi. Bo’rilar orasida yashagandan keyin uvillashni ham o’rganish kerak”, - deydi Konstantin.

“Vatandoshlarimiz uchun hamma narsaga tayyorman”, - deydi Igor.

“Bizni hamisha yerga urishga harakat qilishadi. Bas endi. Boshni ko’tarib yurish kerak”, - deydi Tatyana.