Qora tanli fuqaroning politsiya qo’lida o’limidan keyin boshlangan yirik namoyishlar AQShda yaqin o'tmishda bu darajada kuzatilmagan edi. Jorj Floydning o’limi Amerikada tenglik va irqiy adolat uchun kurashning navbatdagi bosqichini belgilab berdi.
Bu voqealar fuqaro huquqlari harakati yetakchilaridan biri Endryu Yangga 1950-60 yillardagi g’alayonlarni eslatadi.
Buni ham ko'ring “Sabr kosamiz to’ldi” – Nyu-Yorkda namoyishchilar ko’chalarni to’sdi“O’shanda mamlakat bo’ylab yurishlarda qatnashganman. Hayotim davomida xalq bir masala atrofida bugungichalik birlashganini ko’rmagan edim”, - deydi 88 yoshli otaxon “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. – Bugungi kun namoyishchilari yosh, turli millat vakillari va uyushish uchun ijtimoiy mediadan foydalanmoqda. 50-60 yil avvalgi yurishlardan farqli o’laroq bugun politsiya bosiqlik namoyish etdi”.
Suhbatdosh Floydning o’limi turtki bergan namoyishlarni 1965-yilning 7-mart kungi voqealarga qiyoslaydi. O’shanda Alamabaning Selma shahridan shtat poytaxti Montgomeriga marsh uyushtirgan yuzlab fuqaro politsiya tomonidan kaltaklangan, ularga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llangan.
“Qonli yakshanba” nomi bilan tarixga kirgan bu voqeani tasvirlovchi televizion kadrlar irqiy diskriminatsiya va qora tanlilarga qarshi zo’ravonlikni millat xotirasiga muhrlagan. Tarixiy marsh 1965-yilda irqidan qat’i nazar barchaga saylash huquqini beruvchi qonunning qabul qilinishiga turtki bergan edi.
Janubiy Karolina universitetida tarixchi Adam Biggsning qayd etishicha, irqiy adolatsizlikdan tashqari bugungi namoyishlarning sababi ishsizlik, qora tanlilar orasida o’lim sur’ati yuqoriligi va tengsizlikdir.
“Bunday g’alayonlar zamirida aholi ishonchini oqlamagan tizimga nisbatan asosli g’azab va umidsizlik yotadi. Uzoq davom etish va o’zgarishlar olib kelish kuchiga ega”, - deydi u.
Politsiya islohoti
1992-yilda Los-Anjelesda Rodni King ismli afro-amerikalik oq tanli politsiya zobitlari tomonidan do’pposlangani ham bir necha kunlik to’polon va tartibsizliklarga sabab bo’lgan edi. Hodisa o’shanda ham irq, adolat, politsiya shafqatsizligi hamda ozchilik jamoalar va mahalliy hukumatlar orasidagi ishonchsizlik masalasini oldingi o’ringa olib chiqqan.
Buni ham ko'ring Tenglik uchun namoyishlar dunyo bo'ylab...Islohotlar natijasida ozchilik guruhlardan ko’proq politsiyachilar yollandi. Los-Anjeles politsiya boshqarmasi hozirda kuch yoki qurol ishlatilgan holatlarni onlayn qayd etib boradi. Hibslar soni muvaffaqiyat o’lchovi hisoblanmaydi.
Jorj Floydning o’limi ortidan bu gal ham Kongressdagi demokrat qonunchilar o’xshash tashabbus bilan chiqdi. Politsiyachilar qonunni buzgan holatlarni ma’lumot bazasiga kiritib borish, hibsga olayotganda bo’g’ishni taqiqlash taklif etilmoqda.
So’nggi namoyishlar “Qora tanlilarning hayoti muhim” nomli harakatga xayrixohlikni oshirdi. Ayrim siyosiy tahlilchilarga ko’ra, irqiy adolat namoyishlari jamiyatda o’zgarishlar yasaydi va saylovlar natijasiga ta’sir qilishi mumkin.
“Jorj Floydning o’limi va boshqa adolatsizliklar yaqin o’tmishda yoshlarni bu darajada qo’zg’atganini ko’rmaganman. Prezident saylovlarida ular qanchalik qatnashadi, buni oldindan aytish qiyin. Ammo ishtirok oshsa, noyabrdagi saylovda oshadi”, - deydi siyosatshunos Alan Lixtman.