NATO Afg’onistonni yolg’iz tashlab qo’ymaydi deydi Rasmussen

  • Amerika Ovozi
NATO maqsadi Afg’onistonni oyoqqa turg’izishdan iborat, deydi alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish, 18-oktabr, 2012-yil


2014-yilda xalqaro qo’shinlar ketganidan keyin mahalliy armiya davlatni o’zi mudofaa qila olishi kerak, deydi u. Biroq bu sanadan keyin ham Afg’oniston yolg’iz tashlab qo’yilmaydi.

2014-yildan keyingi yangi, noharbiy missiya tafsilotlari haqida e’lon qildi Rasmussen Kobulda prezident Hamid Karzay bilan uchrashar ekan.

NATO a’zolari orasida Afg’onistondagi 11 yillik harbiy kampaniyaga qarshi kayfiyat tobora avj olib bormoqda.

Askarlarni imkon qadar tezroq vatanga qaytarish kerak, degan da’vatlar bot-bot yangramoqda. Hozir mamlakatda alyansning taxminan 100 ming askari bor.

Afg’oniston sharqida kecha bir kishi NATO-afg’on bazasi yonida mashinasini portlatib, kamida 10 mahalliy va xorijlik zobitni jarohatlagan. Paktiya viloyatidagi bu hamlani toliblar biz amalga oshirdik, deydi.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, baza darvozasi portlagach, jangarilar ichkariga kirishga muvaffaq bo’lgan.

Koalitsiya matbuot kotibi, leytenant Eymi Xession baza hamon xalqaro kuchlar nazoratida, deydi. O’lganlar yo’q. Biroq yarador afg’on harbiylaridan uch nafarining ahvoli og’ir.

NATO hisobicha, yil boshidan beri har oy taxminan 240 afg’on askari yo o’lgan, yo jarohatlangan. Har oy o’rtacha 290 politsiyachi yarador yoki halok bo’ladi.

Iste’fodagi general, tahlilchi Vohid Toqat nazarida tinimsiz hujumlar va mablag’ kam ekani bois armiya safida tushkunlik kayfiyati tobora keng tus olmoqda.