Amerikaliklar erkinlikni, sayohat qilishni yaxshi ko’radi, mashinalarni ham. 1930-yillarda AQShda sayohatga mo’ljallangan maxsus mashinalar, mobil uylar paydo bo’la boshladi. Hozirga kelib to’qqiz milliondan ortiq amerikalikda shunday sayohat mashinasi bor.
Meri Romagnoli folklor ijrochisi. U hayotining katta qismini gostrollarda o’tkazarkan, sayohat mashinasi unga qo’l keladi.
“Ixchamgina yotoqxonamiz bor. Pardalar osganmiz. Kichik bo’lsa ham oshxona. Ikki kishi bemalol sig’adi. Ovqat pishiramiz. Mikrovolnovka, muzlatgichimiz bor. Elektr ernergiyadan tashqari, batareya yoki propan bilan ham ishlayveradi”, - deydi u.
Sayohatga mo’ljallangan mashinalar Amerika madaniyatiga aylanib bormoqda. Ular, avvalo, qulay va arzon. Bunday mobil-uylarda sayohatga chiqish 60 foizgacha sarf-xarajatlarni kamaytiradi.
“Yengil mashinaga ulab ketaverasiz. Kichkina, 1270 kilogram. Festival, konsertlarga ko’p chiqqanim uchun menga shu qulay. Chodir, chaylalarda yotib yurishdan charchaganman”, - deydi Meri Romagnoli.
Sayohatga mo’ljallangan mashinalarning ikki turi bor. Biri mashinaga ulanadi, boshqasi avtobus ko’rinishida. Uni sudrash shart emas, haydab ketsa bo’ladi. Har ikkisi ham sayohat uchun qulay. Gaz plitasi, muzlatgich o’rnatsa bo’ladi. Issiq suv ham bor. Shinamgina mobil-uy.
“Kir yuvib quritadigan mashina, dush, xojatxona, hamma sharoit bor. Mehmonxonadalarda tozalikdan xavotirlanamiz. Bu esa o’zimizniki, erkinmiz”, - deydi mobil-uy egasi Juli Baund.
“Qaerga borsak sudrab ketaveramiz, o’zimizniki-da. Toza, ozoda, uyda nima bor-yo’qligini bilamiz, ovqatimiz ham bo’ladi”, - deydi Janet Briden.
Sayohatga mo’ljallangan mashina sotib olganlar qishin-yozin foydalanish mumkinligini aytishadi. Yozda konditsioner, qishda elektr kamin o’rnatsa ham bo’ladi.
“Xohlasam har hafta dam olishga chiqa olaman. Qoladigan joy tayin, sarf-xarajati ham kam. O’zingniki bo’lganiga nima yetsin”, - deydi Juli Baund.
Sayohatga mo’ljallangan mashinalarni haydash uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinmaydi. Oddiy haydovchilik guvohnomasi yetarli. Lekin mashinaning hajmi katta bo'lgani uchun haydashda ehtiyot bo'lish kerak.
“Qiyinchiligi shundaki, burilishlarda arava hajmini hisobga olib haydash kerak. Bir tonnadan ortiq yurib ketayotgan aravani to’xtatish ham oson emas. Yana bir mashinani sudrab ketishday gap. Ehtiyot bo’lish kerak”, - deydi haydovchilardan biri.
Mobil mashinalarda sayohat qilish hamyon uchun tejamkor bo'lsa-da, mashinalarning o’zi arzon emas. Narxi 10 ming dollardan yarim milliongacha boradi.