Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi Qirg’iziston janubidagi qishloqlarga tibbiy yordam yetkazmoqda. Sog’liqni saqlash muassasalari zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, qamoqxonalardagi ahvolni yaxshilash uchun harakat avjida.
Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi Qirg’izistonnig olis Saritosh qishlog’ida kuni kecha birlamchi tibbiy yordam markazini ta’mirlagan va jihozlagan. Natijada ushbu chegarabo’yi qishlog’i aholisi zamonaviy birlamchi tibbiy yordam olishi imkoniga ega bo’lgan.
Janubiy Qirg’izistonda ikki yil muqaddam ro’y bergan ommaviy to’qnashuvlardan so’ng hududda Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi(HQHQ) tushirilgan mashinalari tez-tez ko’zga tashlanadi.
Ayni paytda tashkilot 2010-yil voqealari natijasida vujudga kelgan yoki avvaldan mabjud bo’lgan insonparvarlik ehtiyojlarini qondirishda davom etmoqda.
O’shda bo’lib o’tgan matbuot anjumanida tashkilot vakillari olib borayotgan keng miqyosli ishlar borasida axborot berdi.
O’shdagi vakolathona boshlig’i Joanna Barton deydiki:
“Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida bir necha loyiha amalga oshirilmoqda. Ularning eng yirigi Bozor-Qo’rg’on tumanida bo’lib, natijada 21000 kishining suvga bo’lgan ehtiyoji qondirildi”.
“Muvaqqat ushlab turish joylarini ta’mirlashda ko’mak ko’rsatilmoqda. Bu esa o’z navbatida hibsdagilarning shart-sharoitini yaxshilashga yordam beradi. Shuningdek, hibsdagilarga tozalikni saqlash anjomlari tarqatiladi, ularga ko’rpa-to’shak berilmoqda”, - deydi Barton xonim.
Qo’mita hibsdagilarning oilalariga ayrim masalalarda ham yordam ko’rsatadi. Masalan, yo’l harajatlarini qoplashda.
Tashkilot Qirg’izistonda 45 turmani borib ko’rgan. 55 ming nafar aholining suv ta’minotini yaxshilashga ko’mak ko’rsatgan. Shuningdek, aholining turli tabaqalari orasida ma’rifat ishlari olib borgan.
Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi vakillarining aytishicha, Qirg’iziston tashkilot diqqat markazida. Sil kasalligiga qarshi kurash yo’lida davlat tizimlari bilan hamkorlik qilishga bel bog’lagan.