Ukrainaning Rossiya armiyasi va bo’lginchi kuchlar nazoratidagi Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarida Rossiya tarkibiga kirish bo’yicha referendum boshlandi. Tadbirda Rossiyada yashayotgan ukrainaliklar ham ishtirok etyapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukrainadan ajralgan, biroq xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Donetsk xalq respublikasining rahbari Denis Pushilin Donetsk shahrida uyushtirilgan referendumda ovoz berib, mintaqa Rossiyaga qaytayotganini aytdi.
"Biz uyimizga, qudratli Rossiyaga qaytyapmiz. Shuncha paytdan beri nima uchun jang qilgan bo’lsak, shunga erishyapmiz”, - dedi u.
Zamonaviy Ukrainaning katta qismi Rossiyada chor tuzumi yemirilmasidan oldin Rossiya imperiyasining bir qismi bo’lgan. Ukrainaga bolsheviklar inqilobidan so’ng tuzilgan Sovet Ittifoqida sotsialistik respublika maqomi berilib, sobiq imperiya hududining bir qismi Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga o’tkazilgan.
1991-yilda Sovet Ittifoqi qulashi bilan Ukraina mustaqil bo’ldi, biroq rossiyalik ayrim siyosatchilar Ukraina sharqi va janubidagi hududlarni tarixiy rus yerlari deb kelgan.
Mintaqada rus millatiga mansub ko’p sonli aholi yashaydi. 2014-yilda Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olganida Donetsk va Luganskdagi bo’lginchi kuchlar ham Ukrainadan ajralib, Rossiyaga qo’shilmoqchi bo’ldi, biroq Prezident Vladimir Putin bo’lginchilarning iltimosini qondirmadi.
Ijtimoiy sahifalarda tarqalgan videoda aytilishicha, shu haftadagi referendumlardan so’ng Rossiya hududi 108 ming kvadrat kilometrga kengayib, 8 million odamga ko’payadi.
"Xerson viloyati Rossiyaga qo’shilishi bilan uning xalqi himoyalanadi”, - deydi hududning Rossiyaga xayrixoh rahbari Vladimir Saldo.
Ukraina va G’arb davlatlari ushbu referendumlar soxta ekanini aytarkan, ularning natijasini tan olmasligini bidirmoqda.
Saylovlarni kuzatish uchun odatda xalqaro mutaxassislarini jalb qiluvchi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga ko’ra, bu referendumlar huquqiy asosga ega emas, chunki Ukraina qonunchiligi yoki xalqaro standartlarga to’g’ri kelmaydi, xavfsizlik ta’minlanmagan, xalqaro kuzatuvchilar yo’q.
Ukrainlar ham istilo qilingan hududlaridagi saylovlarni qoralayapti.
"Referendumga qarshiman. Mening shahrim va viloyatim to’laligicha Ukrainaga tegishli. Bizning yerimizda rossiyaliklarga o’rin yo’q”, - deydi 41 yashar xersonlik bir ayol.
Ukrainaning Rossiya qo’shinlari nazoratidagi hududlarda referendumlar o’tib, ularning Rossiya tarkibiga kiritilishi ketidan hududlarni himoya qilish uchun qo’shimcha harbiy zarur bo’ladi. Buni anglagan Kreml qisman safarbarlik e’lon qildi.
Xabarlarga ko’ra, harbiy xizmatga chaqirtirilayotgan 300 ming zaxirachining bir qismigina harbiy harakatlarda ishtirok etadi. Qolganlari istilo qilingan hududlarga yo’llanib, xavfsizlikni ta’minlaydi, yana bir qismi esa Rossiyada qolib, Ukrainaga yuboriladigan muntazam qismlar o’rnini egallaydi.
Chaqirtiruv qog’ozlari deyarli barcha adresatlarga tarqatilgan, biroq hamma ham xizmat qilishni istamayapti. Zaxirachilarning bir qismi mamlakatni tark etishga shoshilmoqda.
Rossiyaning Gruziya, Qozog’iston, Estoniya, Finlyandiya kabi mamlakatlari bilan chegaralarida tirbandlik kuzatilmoqda.
Kimdir maxsus harbiy amaliyotga qarshi bo’lgani uchun, yana kimdir jang maydonida jon berishni istamagani uchun safarbarlikdan bo’yin tovlashga harakat qilyapti. Natijada xalqaro reyslarga chiptalar sotilib ketgan, ba’zi yo’nalishlarda chipta narxi bir tarafga 5000 dollardan oshgani aytiladi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya fuqarolariga murojaat qildi.
"Rossiyada safarbarlik haqidagi farmon o’nlab yil davomida birovning yerini tortib olishga tayyorlangan professional armiyaning noqobilligini ochiq tan olish demakdir. Safarbarlik tufayli Rossiyaning ko’plab fuqarolari uchun urush endi televizion ekranlar va internetdan xonadonlariga o’tdi”, - deydi Zelenskiy.
Kreml qo’shinlar soni 300 mingga ko’paysa-da, hozirgi mojaro maxsus harbiy amaliyot deb atalishda davom etishini bildirdi.
Qrim rahbari Sergey Aksyonov o’g’lining safarbar etilayotganidan g’ururlanishini aytadi.
"Qonun hamma uchun bir. O’g’lim chaqirtirilib, tongda armiyaga ketdi”, - dedi u.
O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston va Qirg’iziston hukumatlari Rossiyadagi fuqarolarini Ukrainadagi mojaroda qatnashmaslik haqida ogohlantirishi ketidan Rossiyaning Inson huquqlari kengashi so’nggi 10 yilda Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilishni, bo’yin tovlagani uchun esa ular va oila a’zolarini fuqarolikdan mahrum etishni taklif qilmoqda.