Amerikaga noyob qobiliyat bilan kelayotgan qochoqlar

  • Amerika Ovozi

Urush, zo’ravonlik, ta’qib yoki boshqa sabablarga ko’ra vatanidan chiqib ketishga majbur bo’lgan qochoqlar yangi joyga ko’p narsa bilan kelolmaydi. Ular moddiy jihatdan nochorlikda bo’lsa-da, yangi davlatga iste’dod, noyob qobiliyat olib kelishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Merilend muzeylaridagi qochoqlar ko'rgazmasi

Ahmad Alkarki elektr ta’mirlash ustasi. Merilend shtatida yashaydi. Ishidan ortganda, dam olish kunlari tasviriy san’at bilan shug’ullanadi.

“Rassomchilik men uchun musiqadek gap. Har bir surat yangi bir musiqa. Ranglar bilan raqsga tushay, deb o’zimga o’zim aytaman”, - deydi u.

Ahmad Alkarki Bag’dod San’at institutida tahsil olgan. Iroqda tanilgan rassom edi. Urushdan qochib 2006-yilda Suriyaga o’tdi. Uch yildan so’ng urush balosi bu yerga ham yetib kelgach, yana qochqinga aylandi. Hozir u oilasi bilan Amerikada yashaydi, ijodida o’zgarish bo’lganini aytadi.

“Vatanimda rang-baranglik yo’q, faqat kulrang va jigarrang. Bu yerda to’rt faslni, har xil ranglarni aniq ko’rdim. Bu ijodimni o’zgartirib yubordi, suratlarimga ko’proq rang qo’shyapman”, - deydi u.

Ahmad Alkarki chizgan asarlar Merilend muzeyidagi qochoqlar ko’rgazmasiga qo’yilgan. U Iroq, Efiopiya va Somalidan qatnashayotgan olti rassomdan biri.

“Yangiliklarda muhojirlar haqida, mamlakatga qancha odam kiritishimiz kerak, ulardan nima naf borligi haqida ko’p gapirilyapti. Ko’rgazma qochoq degan so’z ortida insonlar borligini va ular biz yangiliklarda eshitmayotgan ko’plab iste’dodga ega ekanini ko’rsatadi”, - deydi muzey rahbari Allison Ves.

Ko’rgazmadagi asarlarda qochoqlik mashaqqati, ularning orzulari, yurti haqida xotiralari, shuningdek, yangi jamiyatda erishayotgan yutuqlari aks etgan.

“Vollo degan shahardanman. Haftada bir kun bozor bo’ladi. Odamlar u yerda faqat oldi-sotti uchun emas, boshqa ko’p maqsadlar uchun ham yig’iladi”, - deydi efiopiyalik rassom Fetun Getachu.

“Bu suratda vatanim manzarasi. Amerikaliklarga o’lkam haqidagi yaxshi narsalarni ko’rsatmoqchiman. Urushsiz yoki boshqa narsalarsiz go’zal manzara”, - deydi Alkarki.

Musavvir o’z asarlarida AQSh qochoqlari hayotini ham aks ettirishga urinadi. “Rangli tulporlar” ulardan biri.

“Bu otlar qochoqlarga o’xshaydi. Yevropa, Afrika, ba’zilari Yaqin Sharqdan kelgan. Birga ishlaydi, bir joyda yashaydi, ko’p narsani birga qiladi. 10-20 yil o’tib hamma men amerikalikman, deydi. Shu davlat uchun nimadir naf keltirishga urinadi”, - deydi rassom.

Ahmad Alkarki Amerikadan olayotgan ko’magi, xotirjamligi evaziga astoydil ijod qilishni istaydi.

“Amerika qochoqlarga ko’p narsa beradi. Odamlar san’atimdan zavq olsin deb, chiroyli asarlarni shu o’lkaga berishni xohlayman,” - deydi u.

Alkarki Iroqdagi kabi yangi jamiyatda ham asarlari orqali tanilishiga umid bog’laydi.