2016-yilda 65,6 million odam uy-joyini tashlab ketishga majbur bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Suriyalik qochqinlar

BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissariati chop etgan yangi hisobotga ko’ra, urushlar, zo’ravonlik va ta’qiblar oqibatida qochqinga aylangan va boshpanasiz qolgan odamlar soni keskin ortmoqda. Boshqarmaning “Global tahlilnoma”sida keltirilishicha, 2016-yilda 65,6 million odam uy-joyini tashlab ketishga majbur bo'lgan. Bu o’tgan yildan ko’ra 300 mingga ko'p.

Ushbu hisobotga ko’ra, yer yuzidagi har 113 odamdan biri qochoq yoki o’z uyini tashlab chiqib ketishga majbur bo'lgan odam. O’tgan 2016-yilda 65,6 million odam majburan ko’chirilgan bo’lsa, shulardan 10,3 millioni yangi ko’chirilganlar qatorida. Bu degani, har uch sekundda bir odam o’z boshpanasidan judo bo’lyapti.

Ma’lumotlarga ko’ra, qochoqlar soni Suriyada eng yuqori. Ayni damda 12 million suriyalik majburan ko’chirilgan yoki qo’shni davlatlarda sargardon.

Afg’oniston va Iroq ikkinchi va uchinchi o’rinlarda. BMT Qochqinlar agentligi rahbari Filippo Grandining aytishicha, Janubiy Sudanda ham qochqinlar soni keskin ortmoqda.

“2016-yilning oxirida qayd etilgan statistikaga ko’ra, 1,4 million janubiy sudanlik qo’shni davlatlarda jon saqlamoqda, yana ikki millioni Sudan ichida boshpanasiz qolgan. Bu raqamlar bundanda yuqori bo’lishi ham mumkin. 2017-yilning birinchi choragidayoq qo'shimcha yarim milliondan ortiq qochoqlarni sanadik”, - deydi Filippo Grandi.

Hisobotda keltirilishicha, qochqinlarning 84 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda va ularning yarmi bolalar. Qochoqlar, asosan, qashshoq davlatlardan bo'lishiga qaramay, 2016-yilda boshpana so’rab murojaat qilgan 2,8 million odamning aksariyati rivojlangan mamlakatlarga borish uchun ariza bergan.

Qochqinlar bo'yicha oliy komissariat eng ko’p qochqinlarni Germaniya qabul qilganini e'tirof etmoqda. AQSh ikkinchi o’rinda. Germaniya 722 ming, AQSh 262 ming ariza qabul qilgan.