Qirg’izistondagi siyosiy partiyalar muvaqqat hukumatni 27 iyungi parlament saylovlarini qoldirishga da’vat etib, fuqarolar hozirgi qaltis sharoitda ovoz berishga tayyor emasligini qayd etmoqda.
Muvaqqat ma’muriyat nazarida esa referendumni kechiktirmagan ma’qul.
“Qirg’iziston tez fursatda qonuniy boshqaruv organlariga ega bo’lishi zarur”, - deydi hukumat rahbari o’rinbosari Omurbek Tekebayev. Kuzgi parlament saylovlarini ertaroq o’tkazish rejasi ham muhokamada. Referendumda yangi bosh qomus loyihasi ovozga qo’yiladi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti beqarorlik sabab mamlakatga o’z kuzatuvchilarini yubormaslikka qaror qilgan. Tashkilotning Qirg’izistondagi doimiy vakillari tayyorgarlik ishlarini kuzatib boryapti.
Bu orada, Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari O’shdagi o’zbek mahallarida qurol-aslaha va jinoyatchilarni qidirishda davom etyapti. Armiya shu bahonada odamlarni tahqirlab, do’pposlab, pulini olayotgani haqida ma’lumotlar bor.
Bugun maxsus amaliyot Shaytepa mavzesida o’tkazilgan. Aholi unda qatnashgan militsiya xodimlari va maxsus kuchlar hatti-harakatidan shikoyat qiladi.
O’sh va Jalolobod viloyatlarida tartib o’rnatish ishlari doirasida o’zbek jamoasidan kamida 100 faol g’alayon va to’qnashuvlarga daxldorlikda ayblanib, qo’lga olingan.
Huquq tashkilotlari bergan ma’lumotga ko’ra, Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari o’zbek milliy madaniy markazi rahbarlariga bosim o’tkazmoqda. So’roqqa tutilayotganlar Qodirjon Botirovning tarafdorlari ekani ma’lum.
Inson huquqlari bo’yicha Human Right Watch tashkiloti vakillarining aytishicha, janubda vaziyat tarang ekan, harbiylar bu kabi hatti-harakatlardan tiyilishi kerak.
“Janubda ahvol nisbatan osoyishta, lekin hhahar va qishloqlar bo’m-bo’sh. Odamlar ortga qaytishga qo’rqadi. Aksar uy-joylar vayronaga aylangan, aksar aholi qayerga qaytishni ham bilmaydi”, - deydi tashkilotning O’shda ishlayotgan rasmiysi Anna Neymer, biz bilan suhbatda.
Hisoblarga ko’ra, o’tgan bir necha kunda O’zbekistondan 46 ming qochqin vatanga qaytgan. Ularga ko’mak berish bo’yicha biror keng miqyosli kampaniya ketayotgani sezilmaydi. Hukumat ko’proq janubda nazoratni qo’lga olish bilan band.
Xalqaro tashkilotlar Qirg’iziston va O’zbekistonga tonnalab gumanitar yordam yetkazmoqda. BMT Bolalar Jamg’armasi, UNICEF kecha O’shga 40 tonna oziq-ovqat va ust-bosh olib kirgan. Bugun-erta Andijonga ham ko’mak ortilgan ikki samolyot yetib boradi.
Qorasuvdagi xorijiy jurnalistlar bu yerdagi lagerlarda odam tumonat, lekin qochqinlar uchun kerakli sharoit yaratilgan, toza-saranjom deydi. O’zbekiston hukumati ularni xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda yuritmoqda. Shu bilan birga, rasmiylar va faollar ko’mak miqyosi bir necha baravar oshirilishi zarurligini ta’kidlaydi.
57 davlat a’zo Islomiy Konferensiya Tashkiloti Bosh kotibi Akmaliddin Ehsono’g’li “Qirg’iziston va O’zbekistondagi gumanitar vaziyatni chuqur iztirob bilan kuzatib boryapmiz” deydi. Tashkilot a’zolaridan qochqinlarga qo’ldan kelgan barcha yordamni berishga da’vat etmoqda. Shu maqsadda 26 iyun kuni Istanbulda nohukumat tashkilotlar majlisini o’tkazish rejalangan.
Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti bugungi bayonotida e’tiborni qochqinlar taqdiriga qaratib, O’zbekiston, Qozog’iston va Tojikiston hukumatlarida chegaralarni ochishni so’ragan.