Barak Obamadan prezidentlikni tortib olishga bel bog’lagan respublikachilar uning tashqi siyosatiga nisbatan tanqidni kuchaytirgan. Obama davrida, deydi ular, Qo’shma Shtatlarning jahon sahnasidagi nufuzi va ta’siri kamaydi.
Respublikachilar partiyasi nazarida Obama yuritgan siyosat Qo’shma Shtatlarni zaiflashtirdi.
Bunday fikrni olg’a surayotganlardan biri, Texas shtati gubernatori, prezidentlikka da’vogar Rik Perridir.
”11-sentabr voqealarining 10 yilligi yaqinlashar ekan, biz dushmanlarga qarshi kurashga tayyorligimizni har dam isbotlab turishimiz kerak”, – deydi Perri.
Ayni damda reytinglarda bu arbob boshqa da’vogarlardan oldinda ketmoqda.
Perri poygaga kirgunicha Mitt Romni yetakchilik qilayotgan edi. U ham Obamani tashqi siyosatni eplay olmaganlikda ayblaydi.
”Obama dushmanlar bizdan kamroq nafratlansin deydi. Bu ahvolda dunyoga boshchilik qila olmaymiz. Amerika aniq maqsad, o’ziga ishonch va beqiyos qat’iyat bilan yetakchilik qilishi darkor”,- deydi Romni.
Prezidentlikka intilayotgan boshqa respublikachilardan ham shu fikr-qarashlarni eshitasiz.
Ularning davosi shuki, Barak Obama tinchlikni targ’ib qilaman deb o’z mamlakatini global lider degan nomdan ayirmoqda. Amerika iqtisodiy taraqqiyoti va harbiy qudratiga katta urg’u beruvchi konservativ arboblar AQShga Ronald Reygandek rahbarlar kerak deb chiqmoqda.
Obama bu tanqidni asossiz deb biladi.
Minnesota shtatida so’zlar ekan, u Afg’onistondagi urushni yakunlab, qo’shinlarni vatanga qaytarayotgani, bu xalq endi o’z taqdiri uchun o’zi javobgar ekanini, Al-Qoida yetakchisi Osama Bin Laden o’ldirilgani, NATOning Liviyadagi harakatlarini muvaffaqiyat deya ta’rifladi.
”Al-Qoidani yer tishlatayapmiz. Afg’onistondan kelasi yo’zgacha 33 ming askarimiz vatanga qaytadi”,- deydi Obama, Bush davrida boshlangan urushlar naqadar qimmatga tushganini eslatib o’tar ekan .
Bu bahslarni kuzatib turgan siyosiy sharhlovchilar ta’kidlashicha esa prezident saylovlari natijasini odatda mahallliy masalalar hal etadi.
Tahlilchi Tom Defrank deydiki, aksariyat amerikaliklar avvalo o’z farovonligi ustida qayg’uradi. Xavfsizlik deganda mahalliy vaziyat haqida o’ylaydi va shu bois ham tashqi siyosat ikkilamchi masala, deydi u.
Ommaviy so’rovlarda amerikaliklar prezident Obamaning terrorizmga qarshi ko’rayotgan choralarini ma’qullab, urushlarni tugatayotganini yuqori baholashgan. Lekin iqtisodiyot, ayniqsa ishsizlik masalasida prezidentni tanqid qilayotganlar ko’p.