Kinorejissyor Kris Peyn 2006-yilgi, “Elektr avtomobilining qotili kim?” nomli hujjatli filmi bilan mashhur.
Unda 1990-yillar o’rtalarida batareyada ishlovchi mashina ixtirosi va uning unutilishi haqida so’z boradi.
Yaqinda Peynning yangi kinoasari ekranga chiqdi – “Elektr avtomobilning qasosi”. Bu mashinalar bugun sahnaga g’olibona qaytmoqda.
“Elektr avtomobilining qasosi” 2007-2010-yillar oralig’ida suratga olinib, avtomobil sanoatida ro’y bergan hal qiluvchi burilish haqida hikoya qiladi.
Rejissyor Kris Peyn iqtisodiy tanazzul paytida hukumatdan yordam olib, yangi yo’nalishni tanlagan to’rt yirik kompaniya rahbarlari bilan suhbat qurdi.
“Qayerga bormasin, ketidan yurib, nima ish qilayotganini kuzatdik”, - deydi u.
“General Motors” rasmiysi Bob Lutz qiynalib qolgan kompaniyasini elektr avtomobillar tomon burmoqda. 1990-yillarda buni noma’qul topgan “GM” “Chevy Volt”ni taqdim etdi.
"’Toyota’ shaklan o’zgarib, ekologik jihatdan yangi mashinalar ishlab chiqarib hammadan o’zib ketdi. Biz ham yangi elektrik avtomobillar yasay boshlasakchi, deb o’ylab qoldik”, - deydi Lutz.
“Chevy Volt” 2010-yilning dekabrida bozorga chiqdi. Bir oydan keyin Detroytda o’tgan xalqaro tadbirda “Chevy Volt” “Yilning zo’r avtomobili” deb topildi.
Avtomobizsozlik sohasi kimlarni jalb qilmaydi! Internetda izlanib, boyib ketgan Ilon Mask nodir mashinalarni targ’ib qilib keladi.
Mask bor pulini elektrda ishlovchi ilk sport avtomobili – “Tesla Roadstar”ga sarfladi. 2008-yilda endi paydi bo’lganida mahsulot hammani o’ziga rom etdi.
“Tesla” ning ketidan uning egizaklari trassalarni to’ldiradi hali. Yo’ldagi har bir mashina elektrik ekanini ta’minlamas ekanmiz, tinchlik yo’q. Boshlanishi bu hamma ishlarning”, - deydi Mask.
Balandparvoz gaplar o’z yo’liga, lekin “Tesla” ning ishi qiyin. Turgan bitgani xarajat.
Shunday bo’lsada, “Renault-Nissan” rasmiysi Karlos Gon tavakkal qilishga tayyor. Kompaniya yasagan “Nissan Leaf” to’laligicha elektrlik va soatiga 160 kilometr tezlikda yuradi.
“Kompaniyamiz hali yaxshigina daromad qiladi. Buning uchun ozgina kutish kerak bo’ladi, sohani biladigan odamga bu hech narsa emas. Keyinroq “Renault-Nissan”ning obro’si oshib, imidjimiz o’rgaradi-ku. Sanoatning ham shak-shamoyili ham butunlay boshqa bo’lsa, ajabmas. Foydasini o’ylab ko’ring, axir”, - deydi Gon.
Soha egalari fikricha, 2017-yilga borib, bu elektr mahsulotdan AQShda 360 ming, dunyoda 1.3 million donasi sotiladi. Deyv Simison va Betsi Xeni Vashington yaqinida “Elektr avtomobilning qasosi” filmini tomosha qildi.
“Filmni ko’tayotib, sekin “iPad”ni chiqarib, “Nissan Leaf”ning narxini tekshirdik. 25 ming dollar atrofida. Yomonmas, chunki oxir-oqibat yonilg’i, benzinga pul sarflamaymiz”.
“Ekspertlarning nima deganini eshitdim. Filmdan keyin muhokama bo’ldi. Odam bu avtomobilda o’tirib, haydab ko’rishi kerak ekan. Shundan keyin sotib olishi tayin ekan. Turmush o’rtog’im bir o’tirim ko’rsa qani!”
“Elektr avtomobilning qasosi” kinokartinasi rejissyori Kris Peyn nazarida birinchi xaridorlar avtomobilsozlik sanoatida burilish yasashi aniq. Benzindan xoli dunyo tadbirkor, xaridor va tabiat uchun koni foyda.