AQSh sobiq mudofaa vaziri millionlab o'g'illarga sardor bo'lmoqchi

  • Amerika Ovozi

"Amerika Boyskautlari" nomli tashkilot bolalarni ruhan va jismonan tetik, bardam qilib tarbiyalashni maqsad qilgan.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Robert Geyts davlat xizmatidan tashqarida yangi bir ishga qo’l urdi. Bu safar u qo’shinlarga emas, millionlab bolalarga sardor bo’lmoqchi. “Amerika Boyskautlari” nomli bu tashkilot bolalarni ruhan va jismonan tetik, bardam qilib tarbiyalashni maqsad qilgan.

Robert Geyts 2011-yilning iyunida mudofaa vaziri lavozimidan ketganida anchayin shov-shuv bo’lgan, uzoq yillik siyosiy faoliyat poyoniga yetgani aytilgan edi.

Geyts yana jamoat sahnasiga qaytmoqchi. Nomzodi tasdiqlansa, u kelasi ikki yil davomida "Amerika Boyskautlari"ning prezidenti bo’lib ishlaydi. Rejaga ko’ra, Geyts may oyida ishga tushadi.

Bolaligida o’zi ham skaut bo’lgan arbob nazarida o’g’illarni to’laqonli fuqaro va yetakchi qilib tarbiyalashda shundan a’lo programma topish qiyin.

U Pentagon jilovini Iroq va Afg’onistondagi urushlar avjiga chiqqan paytda qo’l olgan, bu gal ham boyskautlar uchun og’ir kunlarda ishga kirishayapti.

Skautlar bir necha sud ishi bilan yuzlashib turibdi. Biriga ko’ra, 1970, 1980-yillarda tashkilot pedofillarni – bolalarga tegishgan odamlarni ishga yollagani gumon qilinadi.

Shu yilning mayidan e’tiboran esa boyskautlar orasida gomoseksual ekanini ochiq-oydin aytishga ruxsat berildi.

“Ko’plar uchun og’ir qaror bo’ldi. Lekin to’g’ri ish qilganimiz aniq”, - deydi tashkilot amaldagi prezidenti Veyn Perri.

Hamma ham unaqa o’ylamaydi. Minglab odamlar qarshi chiqib, ba’zilar skautlar bilan aloqani uzdi va bolalikda tashkilotdan olgan nishonini qaytarib berdi.

“Skaut bo’lgan barcha insonlarning sha’niga dog’ tushirdi bular”, - deydi sobiq boyskaut Bill Brayt.

Geyts muammo bilan tanish. AQSh armiyasida askarlar gomoseksual ekanini oshkora aytishiga ruxsat bergan ham Geyts edi.

“Hammaga birday muomala qilishimiz shart”, - degan edi Geyts. “O’zaro hurmat, e’tibor bilan. Qonun-qoida hamma uchun bir”.

Your browser doesn’t support HTML5

Robert Geyts boyskautlar tashkilotiga bosh bo'lmoqchi/Nasiba Tohir


Ammo endi Robert Geyts harbiylar emas, ikki yarim milliondan oshiq boyskautga yetakchilik qilishi kerak. Yetti yoshdan 21 yoshgacha bo’lgan bolalar unga ko’z tukib turibdi.