Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" (RSF) o'z tekshiruvi natijalariga asoslanib bildirishicha, taniqli ukrain fotosuratchisi va hujjatli materiallar ustasi Maks Levin shu yil martida Kiyev yaqinida qatl etilgan. Uning yonida bo'lgan xavfsizlik xodimi ham o'ldirilgan, deya xulosa qiladi RSF.
24-maydan 3-iyungacha olib borilgan izlanishlarda to'plangan dalillarga ko'ra, Levin va Oleksiy Chernishov poytaxtdan uzoq bo'lmagan Moshchun qishlog'ida rus askarlar qo'liga tushgan. Ular 13-mart kuni qiynoqqa solingani va o'ldirilgani taxmin qilinadi.
Tekshiruvga RSF yetakchi eksperti Arnod Froger va fransuz fotomuxbiri Patrik Shovel boshchilik qilgan.
Ularning hikoya qilishicha, Levin dronlaridan birini yo'qotgan va uni Chernishov bilan birga qidirib o'rmonga borgan.
Buni ham ko'ring Ukrainada jurnalistlar uchun xavf yuqoriRSF ular o'ldirilgani gumon qilinayotgan joydan oq-dori qoldiqlari, DNK izlari, hujjatlar, Levinning yonib ketgan "Ford Maverik" mashinasi va boshqa dalillarni topgan.
RSF rahbari Kristof Delua bayon qilishicha, jinoyat sodir etilgan joy izchil tahlil qilingan, tasvirlar va ashyolar tashkilot qo'lida va ular shundan dalolat beradiki, fotograf va uning qo'riqchisi qatl etilishidan oldin so'roq qilingan va qiynoqqa solingan.
"Propaganda va senzura ostida boshlangan va olib borilayotgan urushda Maks Levin va uning hamrohi kabi insonlar qurbon bo'layapti. Haqiqatni fosh etishga bel bog'lagan norasida insonlar. Endi biz ularning haqiqatini dunyoga aytishimiz kerak. Biz qotillar aniqlanib, javobgarlikka tutilishi uchun kurashaveramiz", - deydi Delua.
40 yoshli Maks Levin Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri o'ldirilgan sakkiz jurnalistdan biri. Uning jasadi 2-aprel kuni o'rmonda topilgan edi.
Levin, to'rt farzandning otasi, Ukraina va xalqaro axborot agentliklariga ishlagan, jumladan "Reuters" va "Associated Press"ga.