O'zbekistonda yaqinda tuzilgan yangi bir organ axborot oqimi, ayniqsa internet ustidan nazorat kuchayayotganidan dalolat.
Parijda asoslangan xalqaro tashkilot, "Chegara Bilmas Muxbirlar" nazarida Islom Karimov va uning ma'muriyati global maydondagi o'zgarishlar, xususan arab dunyosidagi inqiloblar va qo'zg'olonlarda internet muhim rol o'ynaganini ko'rib, tushunib turibdi va shu bois ham bu vositani texnik va siyosiy jihatdan cheklashga urinmoqda.
"Butun matbuot va elektron axborot vositalari shundoq ham davlat qo'lida. Markaziy Osiyo haqidagi mahalliy manbalar, internet saytlar elakdan o'tkaziladi", - deya eslatadi "Chegara Bilmas Muxbirlar".
O'tgan oylar ichida yangi axborot manbalari, jumladan internetdagi ommabop saytlarga cheklovlar oshirilgan. Xavfsizlik xizmati xabar va sharhlarni kuzatib, odamlarni hibsga olayotgani haqida ma'lumotlar bor.
Internet senzura mintaqa, umuman sobiq Sovet davlatlarida yangilik emas. 12-avgust kuni Qozog'iston poytaxti Ostonada yig'ilgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti inqiloblarning oldini olish uchun zarur choralar ko'rishga kelishib olgan. Bu tashkilotga O'zbekiston va Qozog'iston qatorida Tojikiston, Qirg'iziston, Armaniston, Belarus va Rossiya ham kiradi.
O'zbekiston va yuqorida tilga olingan bu davlatlar so'z va matbuot erkinligini kafolatlovchi xalqaro qonunlarga imzo chekkan. BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti a'zosi sifatida bu borada qator majburiyatlarni o'z bo'yniga olgan.
Uning asosiy ishi - yangicha axborot vositalari, xususan internet va sun'iy yo'ldosh orqali uzatilayotgan ma'lumotlarni kuzatib, hukumatga bu borada hisobot berish. Vazifa - "fuqarolar ongini zaharlovchi, ijtimoiy tartibni buzuvchi, millat va madaniyatga qarshi targ'ibot, siyosiy tuzumga qarshi zo'ravonlikka undovchi va nafrat urug'ini sochuvchi" manbalarni aniqlash.
Qizig'i shundaki, respublikada shu kungacha OAV Monitoring Markazi ish yuritib kelgan. Hukumatni tanqid qilgan, siyosatni savolga tutgan jurnalistlarga qarshi ochilgan jinoiy ishlar va tergov jarayonlarida bu markaz xodimlarining xizmati katta.
Konsitutsion tuzumga qarshi, xavfsizlikka tahdid soluvchi, jamoat tartibini buzuvchi, haqorat va tuhmat aks etgan ma'lumotni berganlikda ayblanib sudlangan jurnalistlar bu muassasa haqida yaxshi biladi. Ayblov xulosalari aynan shu organ yordami bilan tayyorlanadi.
O'zbek va rus tillarida tanqidiy axborot tarqatuvchi saytlar esa azaldan cheklangan.
Bugun O'zbekistonda "Facebook" ommabop tizimidan 82 ming kishi foydalanadi. Odamlar mahalliy saytda axborot almashsin deb Muloqot.uz sayti ishga solinmoqda.
"Beeline" va "Sharqtelekom" mobil telefon kompaniyalari internetni cheklash va axborot oqimini nazorat qilishda hukumatning hamkori deya gumon qilinadi.
Arbuz.com forumida "arab bahori" haqida o'z fikrini bildirgan shaxslar qamoqqa olingani haqida ma'lumotlar bor. Huquq himoyachisi Saida Qurbonova kredit kartochkalar bo'yicha siyosatni tanqid qilib internetda maqola yozgani uchun "haqorat" aybi bilan yuzlashmoqda.
U mustaqil jurnalistlar doimiy tazyiq ostida ekanini aytadi.