Sharhlovchilarga ko’ra, Rossiya axborot vositalari, nodavlat tashkilotlari va madaniy uyushmalari Bolqon davlatlarida tobora faollashmoqda. Xususan, Makedoniya, Serbiya va Chernogoriyada.
Mintaqa mamlakatlarining aksariyati kelajakda NATO yoki Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishni istaydi. Ammo regionda Rossiya nufuzi ham oshib bormoqda.
Internetda ovoza bo’lgan bir qo’shiq Prezident Vladimir Putinga murojaatdir. Makedoniyaga kelib, bizni Yevropa Ittifoqi, NATO va AQShdan qutqaring”, deyiladi unda. Makedoniyada aprel oyida o’tadigan parlament saylovlari oldidan bu qo’shiqni radioda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham eshitish mumkin.
Bolqon davlatlari haqida gap ketganda Rossiya va G’arbning maqsadlari mutlaqo boshqacha, deydi Yanush Bugayskiy, Yevropa siyosatini o’rganuvchi tahlil markazi xodimi.
“Yevropa va Shimoliy alyans bu regiondagi barcha davlatlar bir kun kelib, G’arb tashkilotlariga qo’shiladi degan umidda. Rossiyaning maqsadi butunlay boshqa - ularni NATOga, Yevropaga yaqinlashtirmaslik”, - deydi u.
Rossiya Bolqon davlatlarini Moskva boshliq uyushmalarga, masalan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishga ko’ndira olmasa ham, deydi Bugayskiy, ularning neytral qolishini, NATO kengaymasligini istaydi.
AQSh Davlat departamentida ishlagan Pol Gobl ham shu fikrda. Bolqonni o’ziga qaratish uchun Kreml astoydil harakat qilayapti, deydi u.
“Ammo Rossiyaning Bolqon xalqlarini ular tanlagan yo’ldan qaytarish sa’y-harakatlari hozirgacha natija bergani yo’q. Bu masalada ortiqcha xavotirga hojat yo’q”, - deydi Gobl.
Yevropaga millionlab qochqinlar oqib kelayotgani integratsion jarayonlarni orqaga surmoqda. Hozirgi kunda qit’a yuzlashib turgan muammolar shunchalik ko’pki, yangi a’zolarni qabul qilish qiyin, deydi suhbatdosh.
“Qochqinlar Yevropaga yopirilib kelganida Rossiyaning ham qo’li bor degan gaplar yuribdi. Moskvaning maqsadi Yevropa Ittifoqini zaiflashtirish orqali Bolqonda va Sharqiy Yevropaning boshqa qismlarida o’z ta’sirini oshirishdir".
Ommaviy so’rovlar ham Bolqonda Rossiya mavqei kuchayayotganidan darak beradi. Masalan, Serbiyada aholining 72 foizi Rossiya va uning tashkilotlari haqida ijobiy fikrda.